O‘zbekiston YeI bilan viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi
Jamiyat
−
17 dekabr 761 1 daqiqa
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqining Ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha bosh direktorati ekspertlari bilan muzokaralarning birinchi bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
TIV Konsullik-huquqiy departamenti ma’lumotiga ko‘ra, tadbir davomida mehnat faoliyatini amalga oshirish, o‘qish uchun kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari, yuk mashinalari haydovchilari, turistik guruhlar uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Xususan, Yevropa tomoni O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini Yevrokomissiya yig‘ilishiga kiritish uchun bajarilishi zarur bo‘lgan bir qator shartlarni belgilab bergan.
Uchrashuv yakunida yuqorida qayd etilgan maqsadlarga tez fursatda erishish uchun shu kabi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 oktyabr kuni Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi – “Yevropa” binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvida ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun viza tartibotlarini soddalashtirish muhimligi qayd etilgandi.
Live
Barchasi