O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi sulhni olqishladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Pokiston rahbariyati vositachiligida Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va sulh o‘rnatilishi e’lon qilinganini olqishlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

“Mazkur sa’y-harakatlarni keskinlikni yumshatish, siyosiy-diplomatik muloqot va o‘zaro maqbul yechimlarni topish uchun sharoit yaratish yo‘lidagi muhim qadam, deb bilamiz.

Barcha tomonlarni vazmin bo‘lishga, vaziyatni yana keskinlashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga, shuningdek tinchlik va barqarorlikka erishish maqsadida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, TIV O‘zbekistonning mojarolarni faqat tinch yo‘l bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga mufoviq qat’iy ravishda hal etish zarurligi to‘g‘risidagi o‘zgarmas pozitsiyasini tasdiqlagan.

Kecha, 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishilganini e’lon qildi. Amerika yetakchisining aniqlik kiritishicha, ushbu qaror Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifi hamda “Eron Islom Respublikasining Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, zudlik bilan va xavfsiz tarzda ochishga tayyorligi” inobatga olingan holda qabul qilingan. Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, Tehron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 10 ta shartni ilgari surgan va AQSH “ularga rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan”. Ular orasida hujum qilmaslik tamoyili, Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati, Eron hududida uranni boyitish, asosiy va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, tovon puli to‘lash, Amerika kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish kabi shartlar bor. Sharif Eron va AQSH delegatsiyalarini “barcha nizolarni hal qilish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish” uchun 10 aprel kuni Islomobodga muzokaralar stoliga taklif qildi. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi tarkibidan vitse-prezident Jey Di Vens, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner o‘rin oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaqin Sharq sulh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing