O‘zbekiston va uning ikki qo‘shnisida suv toshqini haqida ogohlantirish tizimlari o‘rnatiladi
Jamiyat
−
10 iyun
10914Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) ishtirokida suv toshqini haqida ogohlantirish tizimlari o‘rnatiladi. Bu haqda UNESCO bosh direktori Odri Azule Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Barqaror rivojlanish uchun suv” yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, UNESCO’ning ilmiy vakolatlari doirasidagi maqsadlaridan biri aholining muzliklarning erishiga qanchalik zaif ekanligini aniqlashdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning yozida “Qozog‘istondagi Talgar daryosi havzasida, O‘zbekistondagi Psem daryosi havzasida, shuningdek, Qirg‘izistondagi Oloy vodiysida suv toshqini haqida erta ogohlantirish tizimlari o‘rnatiladi”.
“Biz bu tizimni Tojikistonda ham joriy etishni rejalashtirganmiz”, deydi u.
Azule o‘z nutqi davomida UNESCO’ning 2022 yildagi hisobotini ham esladi, unda 2050 yilga borib tashkilotning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlarning uchdan birida muzliklar yo‘qolib ketishi ko‘rsatilgan.
"Ammo biz hali ham o‘z rolimizni o‘ynashimiz va qolgan uchdan ikki qismini himoya qilishimiz mumkin, chunki bu muzliklar insoniyatning umumiy merosi. Shuning uchun biz birgalikda harakat qilishimiz kerak", deydi u.
Shuningdek, Azule Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga muzliklarni saqlash muammosini dunyoda yuqori darajada muhokama qilish uchun ko‘targani uchun minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun, 10-13 iyun kunlari Dushanbe shahrida “2018-2028 yillar uchun barqaror rivojlanish uchun suv” konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda 100 dan ortiq davlatdan siyosatchilar, olimlar, ekspertlar va vakillar ishtirok etmoqda.