Turkiyadagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Jamiyat
−
11:07 1192 2 daqiqa
Turkiyaning Istanbul, Yalova va Kojaeli viloyatlarida kuchli yomg‘ir va shamol kutilayotgani sabab u yerda yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kuchli yomg‘ir, shamol va noqulay ob-havo sharoitlari suv toshqinlari, yo‘llarda harakatlanishning qiyinlashishi hamda boshqa favqulodda holatlar xavfini yuzaga keltirishi mumkin.
Shu munosabat bilan Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolaridan quyidagi ehtiyot choralariga rioya qilishlari so‘ralgan:
- zarurat bo‘lmasa, uzoq masofalarga safar qilishdan tiyilish;
- kuchli yog‘ingarchilik vaqtida suv to‘planishi mumkin bo‘lgan pastqam hududlar, yerosti yo‘llari va tunnellardan uzoqroq bo‘lish;
- dengiz sohillari, daraxtlar, elektr uzatish tarmoqlari va mustahkam o‘rnatilmagan konstruksiyalar yaqinida ehtiyotkorlikni oshirish;
- avtomobil boshqarishda tezlikni kamaytirish va xavfsiz masofani saqlash;
Turkiyaning vakolatli idoralari tomonidan e’lon qilinayotgan rasmiy ogohlantirish va tavsiyalarga qat’iy amal qilish.
“O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi fuqarolarimizni o‘z xavfsizligi va yaqinlari salomatligiga alohida e’tibor qaratishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Turkiyada qancha o‘zbekistonlik istiqomat qilmoqda?
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasining avgust oyida QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, 130 mingga yaqin o‘zbekistonlik Turkiyada istiqomat qilmoqda. Ulardan 80 ming nafari mamlakatda qonuniy tarzda yashaydi. Qolgan 50 mingga yaqin fuqaro noqonuniy ravishda istiqomat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli yomg‘ir va bo‘ron oqibatida keng ko‘lamli suv toshqinlari yuz bergani haqida xabar berilgan edi. Tabiiy hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, ko‘chalar, yerosti yo‘llari va tunnellarni suv bosgan, yuzlab uylar va ish joylariga zarar yetgan. Shaharda bugun, 15 oktyabr kuni barcha davlat va xususiy ta’lim muassasalarida darslar bekor qilingan.
Live
Barchasi