O‘zbekiston va Turkiyaning birinchi xonimlari uchrashdi
Jamiyat
−
09:20 2241 2 daqiqa
Kecha, 29 yanvar kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan Anqarada uchrashdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Emina Erdo‘g‘an mehmonni “Anqara Palas” muzeyi kirishida kutib olib, uni Usmoniylar va Respublika davriga oid noyob asarlar – Hereke to‘qimalari, Yildiz chinnilari hamda diplomatik sovg‘alar namoyish etilgan muzey bo‘ylab tanishtirgan. Milliy saroylar boshqarmasi rahbari Yasin Yildiz eksponatlar haqida ma’lumot bergan.
Ziroat Mirziyoyeva Anadolu kashtachilik uslublariga alohida qiziqish bildirib, bunday texnikalar asosida O‘zbekistonda ham mahsulotlar ishlab chiqarishni istashini aytgan. U, shuningdek, Yildiz chinnilarining O‘zbekistonda namoyish etilishi uni xursand qilishini ta’kidlagan.
Liderlar rafiqalari “Anqara Palas” muzeyida yetuklashuv institutlarida tayyorlangan qo‘g‘irchoqlar, chinni va sopol buyumlarni ham tomosha qilgan. Ziroat Mirziyoyeva bu kashtachilik usullarini o‘zbekistonlik san’atkorlarga o‘rgatish maqsadida institut ustozlarini O‘zbekistonga taklif qilgan.
Shuningdek, ular dizayner O‘zgur Masurning Respublikaning 100 yilligiga bag‘ishlangan “Anatolia” kolleksiyasini ko‘zdan kechirgan.
Emina Erdo‘g‘an ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida uchrashuv haqida post yozib qoldirgan.
“O‘zbekiston davlat rahbarining rafiqasi, qadrli do‘stim Ziroat Mirziyoyeva xonimni mamlakatimizda qabul qilishdan katta mamnuniyatdaman. Birgalikda Anqara Palas muzeyini ziyorat qilib, yozma va bosma asarlar, diplomatik sovg‘alar, Hereke to‘qimalari, Yildiz chinnilari kabi ko‘plab bebaho meroslarni ko‘rdik. So‘ngra institutlarimizda yaratilgan qo‘l mehnati mahsulotlari va an’anaviy san’at namunalari bilan tanishdik. Madaniyat xalqlarni yaqinlashtiradigan, umumiy xotirani saqlaydigan va millatlar o‘rtasida mustahkam rishtalar o‘rnatadigan eng kuchli ko‘prikdir. Bu uchrashuv Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashiga ishonaman”, deya yozgan Turkiyaning birinchi xonimi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan “O‘zbekiston” turarjoy majmuasining ochilish marosimida ishtirok etgandi.
Live
Barchasi