O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida yangi qo‘shma loyihalar boshlandi

Jamiyat

image

Bugun, 23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev qo‘shma loyihalarga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgan.

Marosim doirasida bank sohasidagi hamkorlik, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta’lim muassasalarini tashkil etish, avtomobillarga yoqilg‘i quyish infratuzilmasini barpo etish, yirik turistik va turar joy majmualarini qurish, mineral xomashyoni qayta ishlash va bog‘dorchilikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi qo‘shma loyihalarga start berilgan.

Tadbir ishtirokchilari hududlardagi loyiha maydonlaridan onlayn aloqaga chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot bergan.

Yangi qo‘shma loyihalar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi kooperatsiyani yanada kengaytirish, o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ilhom Aliyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgan edi. Tashrif doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi. Bundan tashqari,  Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing