O‘zbekiston va Qozog‘iston Jizzaxda harbiy mashg‘ulot boshladi
Jamiyat
−
12 noyabr
2183Markaziy harbiy okrugda joylashgan “Forish” tog‘ poligonida O‘zbekiston-Qozog‘iston harbiy xizmatchilari o‘rtasida hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Hanjar-2024” nomi ostida tashkillashtirilayotgan yig‘in ishtirokchilari ikki davlat bayroqlari va madhiyasi sadolari ostida saf maydonidan shaxdam qadamlar bilan o‘tgan.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi rahbarlari bilan brifingda o‘quv mashg‘ulot dasturi bo‘yicha rejalar muhokama qilingan. O‘n kun davom etishi ko‘zda tutilgan maxsus-taktik o‘quv yig‘inida ko‘plab amaliy mashqlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga kelishib olingan. Xususan, “Hanjar-2024” maxsus-taktik o‘quvi davomida ikki davlat harbiy xizmatchilari turli jangovar qurollardan otish, shartli aholi yashash hududida jang olib borish va harakatlarni tahlil qilish jarayonlarini amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham O‘zbekiston va Qozog‘iston Qurolli kuchlari Jizzax viloyatidagi poligonda “Hamkorlik-2024” harbiy mashg‘ulotini o‘tkazgan edi.