O‘zbekiston va Belarus Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi
Jamiyat
−
31 avgust 2019
2549O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta zafarlar tiladi.
Belarus Prezidenti, o‘z navbatida, iliq qutlov uchun minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbarini va ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
Tomonlar serqirra O‘zbekiston-Belarus munosabatlari bugungi kunda yuqori sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roppa-rosa bir oy avval Belarus Respublikasiga amalga oshirgan ilk marotaba rasmiy tashrifining samarali natijalari ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilgani, uni aniq mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari erishilgan kelishuvlar, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlik va ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiyani kengaytirish borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladi.