O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi Bitim kuchga kirdi

Jamiyat

image

Kecha, 7 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida 2016 yil 17 oktyabrdagi Ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim va 2017 yil 5 dekabrdagi Fuqarolik,  oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirdi. Bu haqda TIV Matbuot xizmati xabar berdi.

Ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni ekstraditsiya qilish shartlari, ushbu shaxslarni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida so‘rovni o‘z ichiga olgan hujjatlarga talablar,  ekstraditsiya to‘g‘risida rasmiy so‘rov yuborilgunga qadar vaqtincha qamoqda saqlash shartlari va muddatlarini tartibga soladi.

Ushbu hujjat jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida samarali hamkorlik qilish uchun huquqiy asos bo‘ladi va jazoning muqarrarligi tamoyilini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnoma bandlariga muvofiq bir mamlakat hududida yashaydigan fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ikkinchi mamlakat hududida o‘zlarining shaxsiy va mulk huquqlariga nisbatan o‘sha mamlakat fuqarolari bilan bir xil huquqiy himoyadan foydalanadilar.

Hujjat fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlarda huquqiy yordam ko‘rsatish,  ishlarning sudga tegishliligi masalalari hamda hujjatlar, dalillar talab qilish uchun so‘rov yuborish va sud jarayonlarini o‘tkazish, sud qarorlarini tan olish va ijro etish tartibini belgilaydi.

Shartnoma fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash maqsadida fuqarolik va oila ishlari bo‘yicha huquqiy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda jinoyatchilikni oldini olish,  tergov va sud qilish masalalarida ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari aloqalarini takomillashtirishga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Afg'oniston ekstraditsiya

Baholaganlar

11

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing