Voyaga yetmagan qizga jinsiy tajovuz qilgan o‘zbekistonlik Rossiyada ushlandi
3-sahifa
−
14:51 1452 2 daqiqa
O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy tajovuzda gumonlanib, davlatlararo qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaning Astraxan viloyatida ushlandi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Astraxan viloyati bo‘yicha boshqarmasiga tayanib, TASS agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro Rossiyadan Karauzek avtomobil o‘tkazish punkti orqali chiqib ketishga uringan. Tekshiruv davomida uning xalqaro qidiruvda ekani aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning mart oyida unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi ham tayinlangan.
Shuningdek, migratsiya xizmati xodimlari tekshiruv vaqtida erkak Rossiyada noqonuniy bo‘lib turganini aniqlagan. U bir necha oy davomida Volgograd viloyatidagi qurilish ob’ektlarida ishlagan.
Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzgani uchun erkak Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 18.8-moddasi 1.1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, gumonlanuvchi Migratsiya departamenti xodimlari, Rossiya Ichki ishlar vazirligining Krasnoyarsk tumani bo‘yicha bo‘limi jinoyat qidiruv xodimlari hamda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Qalmog‘iston Respublikasi va Astraxan viloyati bo‘yicha chegara boshqarmasi xodimlari hamkorligida qo‘lga olingan.
Hozirda uning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq uzoq yillardan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi Turkiyada aniqlangani va qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi