O‘zbekiston va 4 ta davlat ishtirokida Turkiy sarmoya jamg‘armasi tashkil etiladi. Aliyev bitimni ma’qulladi

Jamiyat

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan tashkil etilgan Turkiy sarmoya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni ma’qulladi. Tegishli qonun matni kecha, 14 iyun kuni davlat rahbari saytida e’lon qilindi.

Ustav kapitali 500 million dollarni tashkil qiluvchi ushbu jamg‘arma kapitali 5 ta davlat – Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston (har birining 100 million dollar) mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.

Tashkilotning bosh qarorgohi Istanbulda bo‘lishi kelishib olingan. Ushbu jamg‘armaning ustav kapitali har birining nominal qiymati 50 000 AQSH dollari bo‘lgan 10 000 ta aksiyaga bo‘linadi.

Shu bilan birga ustav kapitali to‘langan va jalb qilingan aksiyalarga bo‘linadi. To‘langan aksiyalar 350 million, jalb qilingan aksiyalar esa 150 million dollarni tashkil qiladi.

Har bir davlat to‘langan aksiyalar uchun 4 ta hissa qo‘shadi: boshlang‘ich badal 5 million dollar, keyingi investitsiyalar mos ravishda 18 million, 23 million va 24 million dollar (har bir mamlakat uchun jami 70 million dollar).

Jalb qilingan aksiyalar doirasida har bir davlatning ulushi 30 million dollarni tashkil etadi.

Jamg‘arma Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.

Jamg‘arma Prezident, boshqaruv kengashi, direktorlar kengashi va bosh direktordan iborat bo‘ladi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar 2022 yil noyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitda investitsiya fondini yaratishga kelishib olgan edi. Shu bois “Turk investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi shartnoma 2023 yil 16 mart kuni Anqara shahrida imzolangan.

Ibrohimjon G‘afforov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston Ozarbayjon Jamg'arma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing