O‘zbekiston o‘zining xalqaro majburiyatlarini hurmat qilishi kerak – Mak-Gregor

Jamiyat

image

O‘zbekiston o‘zining xalqaro majburiyatlarini hurmat qilishi kerak va Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z chiqishlarida bunga alohida urg‘u bermoqda. Bu haqda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Mak-Gregor Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida so‘z ochdi. 

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida so‘z hamda matbuot erkinligi va O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari” mavzusida o‘tgan davra suhbatida O‘zbekistondagi matbuot va so‘z erkinligining bugungi holati, kun tartibida turgan muammo va kamchiliklar muhokama qilindi. 

Uchrashuvda so‘zga chiqqan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Mak-Gregor ushbu davra suhbati tarixiy ahamiyatga ega ekani va uning katta ahamiyata egaligiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi bo‘yicha oxirgi to‘rt yil davomida erishilgan yutuqlarni e’tirof etdi. U xalqaro majburiyatlar masalasiga alohida to‘xtaldi. 

“Bu katta ahamiyatga ega va juda ham tarixiy tadbir. YeXHTning matbuot va so‘z erkinligi haqida o‘z tavsiyalari bor. O‘zbekiston uchun ushbu tavsiyalar nimani anglatadi? Birinchidan, men 4 yildan beri O‘zbekistonda ishlayapman va 2016 yil dekabridan beri Prezident Shavkat Mirziyoyevning chiqishlarini kuzatyapman. Shuningdek, jamoatchilik oldidagi boshqa nutqlarini ham tinglaganman. Oxirgi joriy yilning 30 sentyabridagi chiqishlarini ham shaxsan kuzatdim. Bilib turibmizki, O‘zbekiston o‘zining xalqaro majburiyatlarini hurmat qilishi kerak. Prezident esa, so‘z erkinligi qanday bo‘lishi kerakligi haqida ochiq-oydin gapirdi”, deydi Jon Mak-Gregor.

YeXHTning O‘zbekistondagi vakili o‘z so‘zida davom etar ekan, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining birinchi rahbariyati tomonidan so‘z va matbuot erkinligi borasida qilingan ishlarni alohida ta’kidlab o‘tdi.

“O‘tgan to‘rt yil davomida o‘zim buning shaxsan guvohi bo‘ldim. Bu sohada taraqqiyotga erishildi va bu juda qiziqarli kechdi. AOKAning birinchi direktori va uning birinchi o‘rinbosari (Komiljon Allamjonov va Saida Mirziyoyeva – tahr.) Venaga borganini eslayman. Ular ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazgan. Ushbu uchrashuvlar davomida so‘z va matbuot erkinligi va YeXHTga a’zo davlatlar majburiyatlari haqida ko‘plab muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekistondagi taraqqiyotni olqishlab, qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rdik”, deydi Mak-Gregor.

Shuningdek, u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning OAV, juranist va blogerlar bilan uchrashib, ular bilan suratga tushganini “bu ajoyib hodisa”, deya hayratlanib esladi. Mak-Gregor mana shunday ijobiy voqeliklar YeXHTning muhim tadbirlarini O‘zbekistonda o‘tkazishiga sabab bo‘layotganini aytdi.

“O‘zbekiston Prezidenti blogerlar va ommaviy axborot vositalari bilan uchrashdi. Men bir-ikkita fotosuratlarni ham ko‘rdim. Bilasizmi, bu ajoyib hodisa! Oldin bu narsalarni biz ko‘rmasdik. Davlat rahbari OAV, jurnalist va blogerlar bilan uchrashib turibdi. Shu taraqqiyot emasmi? Bu narsa YeXHT bilan O‘Zbekiston o‘rtasida olib borilayotgan hamkorlikni yanada olg‘a surishiga xizmat qilmaydimi? Albatta, xizmat qiladi. Bu taraqqiyot YeXHTning muhim tadbirlarini O‘zbekistonda o‘tkazishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi u. 

Jon Mak-Gregor so‘zi oxirida O‘zbekistonda so‘z va matbuot  erkinligini hamda inson huquqlari bo‘yicha holatni imkon qadar yanada yaxshilash uchun shu yerda ekanini ta’kidlab, islohotlar yo‘lida hamnafas ekanini bildirdi.

“So‘nggi to‘rt yilda bu sohada ko‘p ishlar qilindi. Ammo tan olamiz, bu sohada yana ko‘p ish qilishimiz kerak.  Biz o‘zbek xalqining hayotini imkon qadar yanada yaxshilash uchun shu yerdamiz. O‘zbekistonda so‘z va matbuot  erkinligini hamda inson huquqlari bo‘yicha holatni imkon qadar yanada yaxshilash uchun shu yerdamiz. Biz o‘z tashkilotimiz bilan O‘zbekistondamiz va bu yerdagi islohotlar yo‘lida hamnafasmiz”, deydi Mak-Gregor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  joriy yil avgust oyida – mamlakat mutsaqilligining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimdagi nutqida OAV erkinligi va xalqaro majburiyatlar xususida shunday degandi:

“Jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror topdirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz ortga qaytmas tus olganini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Barchangiz xabardorsiz, hozirgi murakkab sharoitga qaramasdan, biz zimmamizga olgan barcha xalqaro majburiyatlar va kelishuvlarni to‘liq bajarib kelmoqdamiz. Xorijiy sheriklarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirmoqdamiz”.

Ma’lumot o‘rnida, bugun o‘tgan davra suhbatida  Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari – Inson huquqlari Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer ham ishtirok etdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev tadbirda so‘z va matbuot erkinligi masalasiga to‘xtalib, jamiyatga so‘z va matbuot erkinligi joriy etilmaganida, pandemiya sharoitida ahvol ancha murakkab kechgan bo‘lishini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

EXHT Jon Mak-Gregor

Baholaganlar

49

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing