O‘zbekiston uchun Chevrolet Trailblazer ishlab chiqaradigan zavod sotiladigan bo‘ldi
Jamiyat
−
17 fevral 2020
11633AQSHning General Motors kompaniyasi Tailanddagi avtozavodini Xitoyning Great Wall Motor Co Ltd. kompaniyasiga sotadigan bo‘ldi. Bu haqda GM rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Amerika kompaniyasi investitsiyalardan zarur daromad bermayotgan bozorlardan chiqib ketish strategiyasi doirasida Avstraliya, Yangi Zelandiya va Tailanddagi faoliyatini boshqa joyga ko‘chirishga qaror qilgan. Xususan, 2021 yilda Avstraliyada Holden brendini ishlab chiqarish to‘xtatilsa, yil oxirigacha Tailanddagi Rayong zavodini sotish ishlari yakunlanadi.
Kompaniya ushbu zavod faoliyatini tahlil qilib, kam yuklanish va prognoz qilingan hajmlar asosida u yerda ishlab chiqarishni davom ettirishni foydasiz deb topdi. Shunday qilib, Chevrolet o‘zining xususiy ishlab chiqarishisiz endilikda Tailanddagi yangi avtomobillarga raqobat tug‘dira olmaydi. Sababi, kompaniya yil oxirigacha ushbu mamlakatdan Chevrolet brendini olib chiqib ketadi.
General Motors bosh direktori Meri Barra kompaniyasi yuqori daromad keltiradigan bozorlarga e’tiborini qaratishini bildirgan.
Kompaniya rahbari qator, shu jumladan, O‘zbekiston bozori bilan ham sheriklik aloqalarini optimallashtirish davom ettirilishini alohida ta’kidlagan. Bunday hamkorlik aktivlar taqdim etish va o‘sib borayotgan bozorlarda xarajatlarni kamaytirish uchun yetkazib berishning mustahkam zanjirlarini yaratish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, Tailanddagi Rayong zavodida Colorado va Trailblazer modellari ishlab chiqariladi. O‘tgan yil noyabr oyida ushbu korxonadan O‘zbekistonga Chevrolet Trailblazerʼning birinchi partiyasi jo‘natilgan edi.
2019 yil oxirida esa UzAuto Motors Chevroletʼning to‘rtta rusumi — Equinox, Traverse, Trailblazer va Tahoeʼni taqdim etgan edi. Yanvar oyida kompaniya birinchi bosqichda AQSH, Xitoy va Tailanddan tayyor avtomobillarni keltirishga qaror qilingani haqida xabar bergandi.
Agar dastlabki olti oy davomida sotuv hajmlari o‘sib borsa, UzAuto Motors bu segmentda aniq o‘rnini egallab, mazkur modellarni respublika ichida ishlab chiqarishga ham mablag‘ ajratadi.
LiveBarchasi