Gentra’ning narxiga qanday “inomarka”lar olish mumkin?
Texnologiya
−
16 Oktabr 2021
488152013 yilda O‘zbekistonda, Rossiya va boshqa MDH mamlakatlari bozorlari uchun Lacetti modelining modernizatsiya qilingan versiyasi – Gentra sedanini ishlab chiqarish boshlandi. Avtomobil korpusning old qismining dizayni oldingi modeldan farq qiladi, biroq faralar, old qanotlar va kapot Lacetti xetchbekidan olingan. Uning 1,5 litr sig‘imli dvigateli 107 ot kuchiga ega. 11-12 sekundda 100 km/soat tezlikka erishadi. Uning narxi O‘zbekiston bozorida 12-14 ming AQSH dollari atrofida. Shartli “jahon bozorida” esa qiymati deyarli ikki barobar arzonroq. Xo‘sh, Gentra’ning mahalliy bozor narxiga qanday uslubdagi “inomarka”larni xarid qilish mumkin?
14 ming AQSH dollari Jahon bozorida ham sifatli avtomobil tanlash uchun mos byudjetdir. Shuncha mablag‘ evaziga dunyo brendiga aylangan kompaniyalardan shahar sayohatlari uchun premium sedan va krossoverlarni ham topish mumkin. Bundan tashqari, Germaniya, Yaponiya yoki Amerikada ishlab chiqariladigan sport avtomobillari auksionlarda ancha arzon narxda sotiladi. Qo‘shimchasiga, o‘zgacha ko‘rinishdagi elektromobillar ham u qadar qimmat emas.
Masalan, Toyota Camry (13-14 ming AQSH dollari) – Yaponiya avtomobil ishlab chiqaruvchilarining eng mashhur markalaridan biri. Yillar mobaynida tarkib jiddiy o‘zgarishlarga duch kelgan bo‘lsa-da, brend o‘z tamoyillariga sodiq qoldi. Bu mashina kamdan-kam hollarda buziladi. Dvigatel hajmi 2,5 litrni, yoqilg‘i iste’moli esa 100 kilometr uchun 10-12 litrni tashkil etadi. Camry’ning so‘nggi modellari 20-25 ming AQSH dollarigacha sotiladi.
Lexus IS 200 (13-15 ming AQSH dollari) – sport fokusiga ega bo‘lgan boshqa bir yapon sedanidir. U, shuningdek, ishonchliligi va muammosiz ishlashi bilan mashhur, hatto mashinadan doimiy foydalanilgan taqdirda ham. Mukammal bezak va maksimal variantlarga ega avtomobilning LED faralari, displeyning moslashuvchanligi va kameralarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Lexus IS 200 so‘nggi modellarining narxi esa 60 ming AQSH dollarigacha yetadi.
Wolkswagen Passat B8 (13-15 ming AQSH dollar) yaxshi reyting va o‘z klassi uchun juda maqbul narxga ega. Haydovchilar kam yonilg‘i sarfi, shuningdek, mukammal dinamikani his qiladi. Mashina bosib o‘tilgan har yuz kilometr masofa uchun 7 litr yoqilg‘i sarflaydi. Keng interer bu toifadagi avtomobillarga nisbatan afzalliklarga ega. Masalan, salon uchun maxsus yumshoq plastmassadan foydalaniladi, u bir necha yildan keyin ham ezilmaydi. Bundan tashqari, mashina avtomatlashtirilgan va tashqi shovqindan himoyalangan. Wolkswagen Passat B8 ning so‘nggi modellari narxi 35 ming AQSH dollarigacha yetadi.
Ford Fusion (13-14 ming AQSH dollari) – mashhur Amerika sedanlarining ikkinchi avlodi. Bu avtoulov jozibali ko‘rinishi, korroziyaga chidamli korpusi va yuqori sifatli ichki bezaklari tufayli xaridorlar orasida ancha mashhur. Gibrid avtomobil doimiy sayohatlarda sezilarli darajada yoqilg‘ini tejash imkonini beradi, lekin yuqorida nomi keltirilgan boshqa mashinalarga qaraganda tezroq buziladi. Avtomat boshqaruvga ega sedanning so‘nggi modellari narxi 30-35 ming AQSH dollari atrofida.
Hyundai Sonata (13-14 ming AQSH dollari). Jahon bozorida Janubiy Koreya avtomobillari yuqori talabga ega. Ularning aksariyati baxtsiz hodisalar natijasidagina sotiladi. Avtoulov uzoq safarlar uchun juda mos keladi. Avtomagistrallarda dvigatelning yoqilg‘i iste’moli 7 litrdan oshmaydi. Sedan 2,4 litrli dvigatel va avtomatik boshqaruvga ega ekanini hisobga olsak, bu yaxshi natija hisoblanadi. Agar o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatilsa, Hyundai Sonata bir necha yuz ming kilometr harakatlanganidan keyin ham muammo tug‘dirmaydi. Uning so‘nggi modellari narxi esa 20-25 ming AQSH dollari atrofida.
Xullas, Toyota, Lexus, Wolkswagen, Ford va Hyundai brendlari maxsulotlarining ichki va tashqi bozordagi narxi deyarli bir xil. Yuqorida sanab o‘tilganidek, 14 ming AQSH dollari evaziga u qadar ko‘p masofa bosib o‘tmagan, kam sarfli va eng muhimi jahon bozori talablariga javob bera oladigan avtomobil xarid qilish mumkin. O‘zbekistonda esa – Gentra 1,5!
LiveBarchasi