O‘zbekiston Turkiyaga yana 71 kishilik yordam guruhini yubordi
Jamiyat
−
09 fevral 2023
11223O‘zbekistondan Turkiyaning zilzila sodir bo‘lgan hududlariga 71 kishidan iborat qo‘shimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi yetkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan mamlakat maxsus borti zilzila oqibatida jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish maqsadida Turkiyaning G‘oziantep shahriga yetib bordi.
Bortda umumiy soni 71 kishidan iborat qo‘shimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi bilan bir qatorda, navbatdagi gumanitar yordam partiyasi ham yetkazilgan.
Jabrlanganlarga yordam berish maqsadida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tibbiy otryadining 50 nafar xodimi xizmat qiladigan bir gektar maydonga to‘qqizta alohida bo‘linmadan iborat ko‘chma shifoxona majmuasini joylashtirish rejalashtirilgan.
Ushbu dala shifoxonasi barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni O‘zbekistonning 100 kishidan iborat qutqaruv guruhi Turkiyaga yetib borgan edi.
LiveBarchasi