O‘zbekiston Turkiya bilan harbiy hamkorlikni rivojlantiradi
Jamiyat
−
27 Oktabr 2020
5708Bugun, 27 oktyabr kuni Turkiya Respublikasi Mudofaa vaziri general Xulusi Akar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov kutib oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Mudofaa vazirligida faxriy qorovul ishtirokida mehmonlarni rasmiy kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.
Shundan so‘ng, Turkiya harbiy delegatsiyasi sharafiga Mudofaa vazirligida qabul uyushtirilib, muzokaralar davom ettirildi. Muzokaralar davomida Bahodir Qurbonov va Xulusi Akar O‘zbekiston hamda Turkiya davlatlarini bir-biri bilan chambarchars bog‘lab turuvchi jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Muzokara davomida Mudofaa vazirlari davlat rahbarlarining O‘zbekistonga va Turkiyaga amaliy tashriflari davomida erishilgan natijalarga, shuningdek harbiy sohada ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, istiqboliga ham alohida e’tibor qaratishdi.
Muzokaralardan so‘ng ikki davlat Mudofaa vazirligi rahbarlari O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
Uchrashuv yakunida Bahodir Qurbonov va Xulusi Akar ikki davlat madaniyatini aks ettiruvchi esdalik sovg‘alarini topshirdilar.
Ma’lumot uchun, Xulusi Akar O‘zbekistonga tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Turkiya milliy mudofaa vaziri harbiy va harbiy-texnik sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidladi.
Avvalroq, Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar Qozog‘istonga borgani haqida xabar bergan edik. U Nur-Sultonda qozoq hamkasbi Nurlan Yermekbayev bilan uchrashib, harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgandi.
LiveBarchasi