O‘zbekiston tufayli Qozog‘istonda go‘sht narxi balandligi aytildi
Olam
−
07 mart 9985 2 daqiqa
Qozog‘istondan O‘zbekistonga go‘sht eksporti hajmining yuqoriligi mamlakat ichidagi mol go‘shti narxiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda kecha, 6 mart kuni Markaziy kommunikatsiyalar xizmatida o‘tkazilgan brifingda Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yerbol Tasjurekov ma’lum qildi.
U Qozog‘iston iste’mol qilinadigan miqdordan ko‘proq go‘sht ishlab chiqarishini va bu go‘shtning barcha turlariga tegishli ekanini bildirgan.
“O‘tgan yili mol go‘shti ishlab chiqarishimiz 430 ming tonnani tashkil etdi, ehtiyoj esa taxminan 400 ming tonna atrofida. Ya’ni, ehtiyojni ta’minlashdan tashqari, yana 30 ming tonnaga yaqin eksport salohiyati mavjud”, deydi u.
Tasjurekov ichki bozorda narxlarning oshishi ko‘p jihatdan chet elda Qozog‘iston go‘shtiga bo‘lgan talabning yuqoriligi bilan bog‘liqligini qayd etgan.
“Yaqin davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga eksportimiz katta. Chunki bizning go‘sht mahsulotlarimizga talab yuqori, bu bizning raqobatdosh ustunligimizdir. U yerdagi narxlar esa bizning ichki bozorimizdagidan balandroq”, deya tushuntirgan u.
Yanada foydaliroq sharoitlar tufayli ishlab chiqaruvchilar ko‘pincha eksportni tanlamoqda. Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi kompleks rejaning amalga oshirilishi ham ichki bozorni ta’minlashga, ham chet elga yetkazib berish hajmini oshirishga yordam berishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda 2025 yil uchun bojxona statistikasi e’lon qilinib, unda 1 kg go‘sht O‘zbekistonga o‘rtacha 3 dollar atrofida sotilgani keltirilgandi. Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova mazkur ma’lumotlarga izoh berib, bunday raqamlarni shubhali deb atagan. U narxlar o‘rtasidagi tafovutga to‘xtalar ekan, bu raqamlar texnik xatolik oqibati bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Live
Barchasi