O‘zbekiston tarixida ilk bor Davlat byudjeti qonun sifatida qabul qilinyapti
Jamiyat
−
14 noyabr 2019
6683Bugun, 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qizg‘in muhokama etdilar.
Parlament tarixida bu yil birinchi marta Davlat byudjeti qonun tariqasida qabul qilinmoqda. Ya’ni, mamlakatning bosh moliyaviy hujjatini taqdim etish amaliyotida ilk bor “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va 2020–2022 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi berilyapti.
Parlamentga taqdim etilgan Byudjet to‘g‘risidagi qonun loyihasida hamda Byudjetnomada aholi va tashqi hamkorlarga mamlakat byudjetining holati ochiq-oydin, xalqaro standartlarga muvofiq tarzda ko‘rsatilgan. Unda fiskal ko‘rsatkichlarga ta’sir etuvchi asosiy tashqi va ichki omillar, 2020–2022 yillarga oid soliq-byudjet siyosatining strategiyasi, 2020–2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari parametrlari kabi masalalar o‘z aksini topgan. Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlashga, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori sur’atlarda o‘sishiga erishishga, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan investitsiyaviy jozibadorlik hamda ishchanlik muhitini oshirishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish nazarda tutilgan.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qildi. Uning ta’kidlashicha, 2020 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 5,5 foiz miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 6,5 foiz, qurilishda 9,3 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,0 foiz va xizmatlar sohasida 5,6 foiz ko‘payadi. Asosiy kapitalga investitsiyalar 10,0 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti hamda import 8,0 foiz o‘sadi.
Qonun loyihasida byudjet mablag‘larini rejalashtirish samaradorligi, ulardan foydalanish natijadorligini oshirishga hamda byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan bir qator chora-tadbirlar bilan birga, byudjetni rejalashtirishning barqarorligini oshirish maqsadida kelgusi yil uchun Davlat byudjetini va keyingi ikki yilga mo‘ljallangan byudjet yo‘nalishlarini tasdiqlash orqali o‘rta muddatli byudjetni rejalashtirish taklif qilinmoqda.
2020 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 653,5 trln so‘mni, Davlat byudjeti daromadlari 128,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 19,6 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.
Davlat byudjetining xarajatlari esa, 131,1 trln. so‘mni tashkil etadi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 24,0 foizga ko‘p bo‘lib, bunda Davlat byudjet xarajatlarining yarmidan ortig‘i ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi.
Savol-javoblar, tortishuvlar va qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mas’ul qo‘mitaga qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida loyihani mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida muhokama qilib maromiga yetkazish topshirildi.
LiveBarchasi