O‘zbekiston sog‘liqni saqlash bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi bo‘ldi
Salomatlik
−
24 iyul 3227 1 daqiqa
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi sifati bo‘yicha xalqaro reytingda 49-o‘rinni egalladi. Bu haqda “Health Care Index 2026 Mid-Year” reytingida keltirilgan.
Reytingda O‘zbekiston 101 ta davlat orasida 64,4 ball bilan Top-50 talikdan joy olgan. Mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani qayd etgan.
Qo‘shni davlatlardan Qozog‘iston 60,7 ball bilan 61-o‘rinni egallagan. O‘zbekiston, shuningdek, MDH davlatlari orasida ham yuqori natija qayd etib, Rossiya (60-o‘rin), Qozog‘iston va Armaniston (62-o‘rin)dan yuqori ko‘rsatkich qayd etgan. Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston mazkur reytingda qayd etilmagan.
Sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni Tayvan 87,1 ball bilan qayd etib, birinchi o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya (83 ball), Yaponiya (79,9 ball), Ekvador (78,2 ball) va Niderlandiya (77,6 ball) joy olgan.
Reytingda AQSH 41-o‘rinni, Xitoy 30-o‘rinni, Germaniya 25-o‘rinni, Buyuk Britaniya 19-o‘rinni egallagan.
“Health Care Index” reytingi tibbiy xizmatlar sifati, shifokorlar malakasi, tibbiyot muassasalarining jihozlanganlik darajasi, xizmatlar narxi va aholi uchun qulaylik kabi mezonlar asosida shakllantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Markaziy Osiyoda yashash narxi eng qimmat bo‘lgan uchinchi shahar bo‘lgani haqida xabar berilgandi.