Markaziy Osiyoda yashash uchun eng qimmat shahar qaysi?

Jamiyat

image

Toshkent Markaziy Osiyoda yashash narxi eng qimmat bo‘lgan uchinchi shahar bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro Numbeo platformasining yashash narxi eng qimmat shaharlar reytingida e’lon qilindi.

Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxti mintaqada yashash qiymati bo‘yicha Qozog‘istonning ikki shaharidan keyingi uchinchi o‘rinni egallagan. Ma’lum qilinishicha, reytingni tuzishda asosiy mezon sifatida Nyu-Yorkdagi yashash qiymati olingan bo‘lib, unga 100 ball berilgan. Qolgan shaharlar shu ko‘rsatkichga nisbatan baholangan.

Ma’lumot uchun, Numbeo reytingi dunyo shaharlarida tovar va xizmatlar narxi haqidagi foydalanuvchilar ma’lumotlari asosida shakllantiriladi. Indeks hisoblanishida uy-joy ijarasi, oziq-ovqat, transport, restoranlar, kommunal xizmatlar va boshqa kundalik xarajatlar inobatga olinadi.

Tadqiqotga dunyoning 547 ta yirik shahri kiritilgan. Markaziy Osiyo shaharlari orasida eng yuqori o‘rinni Olmaota egallab, jahon reytingida 409-o‘rindan joy olgan. Keyingi o‘rinlarda Ostona (469), Toshkent (487), Bishkek (493) va Dushanbe (497) qayd etilgan.

Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda yashash qiymati indeksi 31,2 ballni tashkil etgan. Bu shahardagi umumiy narxlar darajasi Nyu-Yorkka nisbatan taxminan 70 foizga past ekanini anglatadi. Toshkentning uy-joy ijarasi indeksi 13,5 ball, oziq-ovqat indeksi esa 35,2 ballni tashkil etgan.

Numbeo hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda to‘rt kishilik oilaning oylik yashash xarajatlari (ijara haqini hisobga olmaganda) taxminan 22,3 mln so‘mni tashkil etadi. Bir kishi uchun o‘rtacha oylik xarajat esa 6,1 mln so‘m atrofida baholangan.
Tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistondagi umumiy yashash qiymati AQSHga nisbatan o‘rtacha 58,9 foizga, uy-joy ijarasi esa 70,9 foizga arzon hisoblanadi.

Jahon reytingida esa Shveysariya shaharlari yetakchilik qilgan. Eng qimmat shahar deb 123,1 ball bilan Syurix tan olingan. Beshlikka, shuningdek, Jorjtaun, Lyutsern, Bazel va Jeneva ham kirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Global Peace Index Dunyoning eng xavfsiz 5 ta mamlakatini e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing