O‘zbekiston SOCAR neft kompaniyasiga yer ajratadi – Prezident
Jamiyat
−
16 Oktabr 2019
4322O‘zbekiston Ozarbayjonning ko‘p yillik tajribaga ega va jahon bozorida o‘z o‘rnini topgan SOCAR neft kompaniyasiga mamlakat hududida faoliyat olib borishi uchun yer ajratadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilgan.
“Bugun Ozarbayjon gullab yashnayapti. Ma’lumki, biz yaqin qo‘shnilarmiz va sizning muvaffaqiyatlaringizdan quvonamiz. Bizning qardoshimiz bo‘lgan Ozarbayjonning xalqaro nufuzi ortib, iqtisodiyoti yuksalib borayotganidan faxrlanamiz. Ushbu yutuqlar sizning uzoqni ko‘zlagan islohotlaringiz natijasidir. Biz bundan doim xursand bo‘lamiz.
Siz bir gapni to‘g‘ri aytdingiz. Biz hamkorlikni yangi sahifadan boshlashimiz kerak. Men Ozarbayjonga yolg‘iz kelganim yo‘q. Delagatsiya a’zolari hamkorlik borasida hujjatlar qachon imzolanishini sabrsizlik bilan kutishyapti. Samolyotda kelayotganimizda, 390 million dollardan ziyod bo‘lgan shartnomalar tayyorlanibdi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident imzolanishi kutilayotgan shartnomalar haqida gapirarkan, vazir qo‘shimcha qildi va shartnomalar 432 million AQSH dollarini tashkil qilayotganini aytdi.
“O‘zbekistonda istiqbolli sohalar juda ko‘p. Energetika, neft-gaz sohalari shular jumlasidandir. Siz bilan gaplashganimizdek, SOCAR uchun yer ajratdik. Men mas’ullarga shunday yerlar, shunday hududlar ajratingki, bu jiddiy shirkat bilan uzoq vaqt ishlaylik, deb aytdim. Qayd etishlaricha, ikki taraf ham jiddiy muzokaralar olib borib, hamma narsani kelishib olibdilar. Neft-gaz sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun haqiqiy istiqbol mavjud”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida “O‘zbekneftgaz” AJ va SOCAR’ning bo‘linmasi – “Neftgaz” tomonidan OGU-2019 23-Xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi doirasida Qashqadaryoda neft qazib olish hajmini oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.
Hujjatda O‘zbekiston Respublikasining G‘arbiy Toshli va Sharqiy Toshli, Shimoliy Sho‘rtan hamda Garmiston konlarida uglevodorodlar qazib olishni SOCAR kompaniyasi ilg‘or uslublari hamda texnologiyalarini qo‘llagan holda ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikning asosiy shartlari belgilab berilgan.
Bu “O‘zbekneftgaz” AJning Ozarbayjonga tegishli SOCAR kompaniyasi bilan birinchi shunday loyihasi. “O‘zbekiston neft va gazi OGU-2018” Xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida uni birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishilgan. Global neft-gaz kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
LiveBarchasi