O‘zbekiston rus tilining ma’naviy qadriyatlarini asrashga tayyor – Norboyeva
Jamiyat
−
18 noyabr 2023
13088O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar rahbarlarining qarori bilan oktyabr oyida tashkil etilgan xalqaro rus tili tashkiloti loyihalarida faol ishtirok etish niyatida. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo assambleyaning 56-yig‘ilishida so‘z ochdi, deb yozmoqda TASS.
“Ma’lumki, joriy yilning 13 oktyabr kuni Bishkek shahrida MDH Davlat rahbarlari kengashi MDHda rus tilini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish bo‘yicha qator hujjatlarni qabul qildi. 2023 yilning millatlararo muloqot tili sifatida “rus tili yili” deb e’lon qilinishi O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilda MDHga raisligi davrida qabul qilingani quvonarli. Davlat rahbarlari rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. O‘zbekiston ushbu tashkilot doirasidagi qo‘shma dastur va tadbirlarni amalga oshirishda, rus tilining ma’naviy qadriyatlarini asrab-avaylashda faol ishtirok etishga tayyor”, deydi Narboyeva.
U 1994 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston rus madaniyat markazi respublikada rus madaniyati, an’ana va urf-odatlarini asrab-avaylashda muhim va samarali o‘rin tutishini bildirgan.
Senat raisining so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda rus tili majburiy o‘quv dasturiga kiritilgan 10 mingdan ortiq umumiy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ushbu maktablarning 10 foizida ta’lim rus tilida olib boriladi.
Mamlakatda Rossiyaning yetakchi universitetlarining 14 ta filiali ochildi, ular mamlakat iqtisodiyotida talab qilinadigan mutaxassislarni tayyorlaydi. Bundan tashqari, Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik 50 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Narboyevaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi bilan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. “Klass” va “Malish” loyihalari doirasida O‘zbekistonda rus tilini o‘qitishni takomillashtirish metodikasini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatilmoqda. Senat raisi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonda rus tilida o‘qitiladigan va rus ta’lim dasturlari asosida bir nechta maktablar qurishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirgan. Uning fikricha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev buyuk rus madaniyati azaldan o‘zbek jamiyati ma’naviy hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, biz bilganimizdek, til har qanday madaniyatning ajralmas qismi ekanligini ta’kidladi”, deya qo‘shimcha qilgan Narboyeva.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Moskvaga borib, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘ragandi. Shundan so‘ng, Rossiyalik deputat Mixail Delyagin mazkur tashabbus mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib, O‘zbekiston Rossiyadan fuqarolarini olib ketishi kerakligini iddao qilgandi. Bunga javoban deputatning O‘zbekistondagi mavqedoshlari, jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat “Delyagincha” bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerakligini aytgan, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa o‘zbekistonliklar halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlayotganini, Rossiya ularni tekinga boqmayotganini eslatgan edi.
LiveBarchasi