O‘zbekiston Rossiyadan 1 mln tonna neft sotib olmoqchi

Jamiyat

image
Rossiya O‘zbekistonni 15 yillik gaz qopqoniga tushirmoqchimi? north_east

Rossiya O‘zbekistonni 15 yillik gaz qopqoniga tushirmoqchimi?

Kecha, 3 noyabr kuni Moskvada 2024 yilda Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga neft xomashyosi yetkazib berish hajmini 1 million tonnaga yetkazishni nazarda tutuvchi uch tomonlama hujjat imzolandi. Bu haqda bugun, 4 noyabr kuni Energetika vazirligi xabar berdi

Aytilishicha, hujjatni Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Pavel Sorokin, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev va Qozog‘iston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Yerlan Akkenjenov imzolagan. Hujjatda qayd etilishicha, kelishuvni amalga oshirishda “Omsk – Pavlodar – Chimkent – Shagir” neft quvuri orqali yuk tashishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Shartnomada tomonlarning uzoq muddatli asosda 2024 yilda va keyingi yillarda neft xomashyosi yetkazib berishni 1 million tonnaga yetkazish bo‘yicha tijorat shartnomalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishi belgilab qo‘yilgan. Jumladan, neft xomashyosining o‘zaro maqbul narxini kelishish hamda uning hajmini oshirishni hisobga olgan holda, tomonlarning mamlakatlari hududi bo‘ylab neft xomashyosini to‘liq hajmda to‘sqinliksiz tashish ta’minlanadi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, mazkur shartnoma quyidagi maqsadlarni amalga oshirishga imkon beradi:

  • joriy yilning 6-7 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan muhokamalar chog‘ida uch davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvni tezkorlik bilan amalga oshirish;
  • transport xarajatlarini hisobga olgan holda, temir yo‘l orqali yetkazib berishga nisbatan arzonroq bo‘lgan neft quvurlari ta’minotini rivojlantirish;
  • O‘zbekiston Respublikasi hamda chegaradosh hududlarning neft quvurlari infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • neft xomashyosi bilan barqaror ta’minlash va mamlakatimizda yuqori sifatli benzin hamda boshqa yoqilg‘i-moylash materiallarini ishlab chiqarish hajmining oshishi munosabati bilan O‘zbekistondagi neftni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan ikkita zavodning ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish;
  • benzin ishlab chiqarishning ko‘payishi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ham kengaytirish imkonini yaratadi. Bu esa xizmat ko‘rsatish hamda yoqilg‘i sotish geografiyasi bo‘yicha aholiga sifat jihatidan yangi xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi;
  • Rossiya neft xomashyosining barqaror ta’minoti mavjud neftni qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilishga, shuningdek, yangilarini qurish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksport mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishga start bergan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib oladigan bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston O'zbekiston neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing