O‘zbekiston Ozarbayjonga temir yo‘l vagonlarini qurish va ta’mirlashni taklif qildi

Jamiyat

image

Rasmiy Toshkent Ozarbayjonga temir yo‘l vagonlarini O‘zbekistonda qurish va ta’mirlashni taklif qildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, joriy yilning 8 avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi poytaxtida “O‘zbekiston va Ozarbayjon: hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etilgan. Tadbirda Transport vazirligi vakillari “Transport va logistika sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari” dasturi bilan ishtirok etgan.

Uchrashuv doirasida Transport vazirligi vakillari tomonidan Ozarbayjonning temir yo‘l vagonlarini O‘zbekistonda qurish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish taklif qilingan. Tomonlar 2023-2024 yillarda transport va logistika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib olgan.

Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida “E-Permit” ruxsatnomalarini elektron almashish tizimini joriy etish taklifi bildirilgan. Tizimning avtomobil transportida yuk tashishni osonlashtirishda va dastlabki ma’lumotlar almashinuvidagi roliga e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari, Baku portida ombor infratuzilmasini yaratish bo‘yicha rejalari bilan bo‘lishgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Ozarbayjon O‘zbekistonga Baku dengiz porti infratuzilmasini imtiyozli shartlar asosida uzoq muddatli ijaraga berishni taklif qilgan edi. Kecha, 9 avgust kuni esa O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z kemalariga ega bo‘lishdan manfaatdor ekanini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Ozarbayjon temir yo'l vagon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing