O‘zbekiston Olimpiya jamoasi vakili yaponiyalik qizni zo‘rlagani aytilmoqda. MOQ bayonot bilan chiqdi
Sport
−
19 iyul 2021
18136Ijtimoiy tarmoqlarda Tokioda bo‘lib turgan O‘zbekiston Olimpiya jamoasi vakilining yaponiyalik qizga jinsiy tajovuz qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) mazkur xabarga rasmiy munosabatini bildirdi.
Unda aytilishicha, bo‘lib o‘tgan voqelikka O‘zbekiston Olimpiya jamoasining hech qanday aloqasi yo‘q. “Japantimes.co.jp” nashri bergan ma’lumotga ko‘ra, holat Tokio shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosi D.R. bilan sodir bo‘lgan. “Kyodo news” esa D.R. va u qizning birgalikda Tokiodagi “Olimpiya” stadionida ko‘ngilli xodim bo‘lib ishlagani haqida yozmoqda.
“Hozir MOQ Tezkor shtabining 5 nafar vakili Tokiodagi Olimpiya shaharchasida bo‘lib turibdi. Ularning vazifasi asosiy delegatsiya kelguniga qadar tashkiliy masalalarni hal etib turishdir. Tashkiliy qo‘mitaning talablariga ko‘ra, Olimpiya shaharchasidagi shaxslarning hududdan chiqib ketishi mumkin emas va u joy kuchli nazorat ostida.
Shunday ekan, yuqoridagi voqelikka O‘zbekiston Olimpiya delegatsiyasining hech qanday aloqasi yo‘q. Shu o‘rinda yurtimizning barcha OAV, bloger va jurnalistlaridan bu kabi asossiz maqolalarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, bugun, 19 iyul kuni XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etuvchi O‘zbekiston delegatsiyasining asosiy qismi charter reys orqali Yaponiyaga jo‘nab ketadi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi yu barcha Ommaviy axborot vositalarini sportchilar va ularning Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini o‘zbek xalqiga yetkazib berishga, musobaqani keng qamrovda yoritishga chorlamoqda. O‘z navbatida, MOQ matbuot xizmati bu borada barcha ma’lumotlarni taqdim etib borishi eslatib o‘tildi.
Avvalroq, Yaponiya politsiyasi Olimpiya o‘yinlarining ochilish va yopilishi marosimi o‘tkaziladigan Tokio Milliy stadioni hududida ayol kishini zo‘rlashda gumonlanayotgan 30 yoshli O‘zbekiston fuqarosini hibsga olgani va hibsga olingan shaxs stadionda OAV xodimlarini oziq-ovqat bilan ta’minlaydigan firma tomonidan yollangan talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi