Temur Kapadze. O‘zbekiston Olimpiadaga tayyormi?
Intervyu
−
08 may
12777Qatar yashil maydonlari mezbonlik qilgan, o‘zbek futboli ixlosmandlari uchun ancha hayajonli bo‘lgan U-23 Osiyo kubogi O‘zbekiston uchun umumiy fonda ijobiy tarzda yakunlandi. Bosh murabbiy Temur Kapadze shogirdlari garchi turnir oldidan bir qator kadrlar bilan bog‘liq muammolarga uchraganiga qaramay, yakunda kerakli natijani qayd etib, o‘zbek sporti tarixida birinchi marta jamoaviy sport turlari bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Osiyo kubogi finalida “oq bo‘rilar” Yaponiyaga kichik hisobda imkoniyatni boy bergan bo‘lsa ham, yakunda futbolchilar maksimal vazifani uddaladi. Endi navbat Olimpiada o‘yinlariga. Sport jamoatchiligi Kapadze shogirdlaridan Parijdagi bahslarda ham ijobiy natija kutmoqda, chuni mazkur tarkibga bejizga o‘zbek futbolining oltin avlodi sifatida qaralmayapti.
Har bir pozitsiyada yaxshi nomlarning borligi, Kapadzening o‘yinga bo‘lgan yondoshuvi va jamoadagi ahil muhit har bir muxlis qalbidagi umidvorlik hissini yanada kuchaytiradi.
QALAMPIR.UZ bu gal yirik turnir oldidan U-23 terma jamoa ustozi Temur Kapadzega mikrofon tutdi va Olimpiya jamoasining Osiyo kubogidagi ishtirokini tahlil qildi.
Kapadzega ko‘ra, turnir startiga qadar legioner futbolchilarning tarkibga kelib qo‘shilishi bilan bog‘liq muammo bo‘lgan, biroq kech bo‘lsa ham Abbosbek Fayzullayev va Abduqodir Husanov kabi futbolchilarning tarkibga qo‘shilishi o‘zbekistonlik futbolchilarning yakunda Olimpiada litsenziyasiga ega chiqishida bosh omillardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, Temur Kapadze bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida qaysi yoshi katta futbolchilarning xizmatidan foydalanishi va guruhdagi raqiblarning imkoniyatlari bilan bog‘liq savollarga javob qaytardi.
Ma’lum bo‘lishicha, katta ehtimol bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Italiyaning “Kalyari” klubi sardori Eldor Shomurodov Parijda ukalariga yordam berib, jamoaning ijobiy natijaga erishishi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shadi.
Intervyu davomida Kapadze Umarali Rahmonaliyev va Jasurbek Jaloliddinov kabi futbolchilarning kelgusi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, mutaxassis hozirgacha o‘zbek futbolini qiynab kelgan muammolar, 33 yil davomida o‘zbek futboli Olimpiadaga chiqish yo‘lida qanday muammolarga duch kelgani va Superligidagi kurash haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Olimpiada o‘yinlariga taxminan bir haftacha vaqt qolganida Parijga yetib borishi kutilmoqda. Jamoa turnirdagi ishtirokini 24 iyul kuni Ispaniyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.
LiveBarchasi