O‘zbekiston MDHda elektron chiqindilar eng ko‘p davlatlar qatoriga kirdi

Olam

image

So‘nggi o‘n yil ichida MDH davlatlari va Gruziya axlatxonalarida elektron chiqindilar miqdori deyarli bir yarim baravar ko‘paygan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari tomonidan olib borilgan tadqiqot darak beradi.  

Tadqiqotga ko‘ra, bu chiqindilarning atigi 3,2 foizi qayta ishlanadi.

“Elektron chiqindilarni yo‘q qilish MDH mamlakatlari iqtisodiyotiga ko‘p foyda keltirishi mumkin. Masalan, 2019 yilning o‘zida 10 tonnadan ortiq oltin, yarim tonna noyob tuproq metallari, bir million tonna temir, 85 ming tonna mis va 700 tonna kobalt chiqindixonalarga keltirilgan. Bu materiallarning barchasining narxi 2,6 milliard dollardan oshadi”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri, BMT universitetining yetakchi tadqiqotchi xodimi Kis Balde. 

Elektron chiqindilarga eskirganidan keyin chiqindixonaga tushgan elektron qurilmalarning tarkibiy qismlari kiradi. Qoidaga ko‘ra, bunday chiqindilarda oltin, litiy, kobalt va boshqa elementlarning nisbatan katta miqdori saqlanib qoladi, ularning zaxiralari esa Yerda cheklangan. 

Yangi tadqiqotda Balde va uning hamkasblari MDHning 11 davlati va Gruziyadagi elektron chiqindilar bilan bog‘liq vaziyatni ko‘rib chiqqan. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi o‘n yil ichida import qilinadigan elektronika hajmi deyarli o‘zgarmagan, biroq har yili Rossiya va qo‘shni mamlakatlardagi axlatxonalarga tushadigan elektron chiqindilar miqdori deyarli 1,5 baravar oshgan. 

Ularning aksariyati Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va O‘zbekistonda. Bu chiqindilarning atigi 3,2 foizi, ya’ni 79 ming tonnaga yaqini qayta ishlangan. 

Elektron chiqindilarni qayta ishlash korxonalari bor-yo‘g‘i to‘rtta davlatda — Belarus, Qozog‘iston, Rossiya va Ukrainada mavjud. Ularning aksariyati Belarusda bo‘lib, u yerda to‘plangan elektron chiqindilarning taxminan 33 foizi qayta ishlanadi. Boshqa barcha davlatlarda bu ko‘rsatkich 5-10 foizdan oshmaydi yoki butunlay nolga teng. 

Bunday chiqindilarni qayta ishlash bilan bog‘liq vaziyat barcha MDH mamlakatlarida biznes uchun huquqiy asos ishlab chiqilmaganligi sababli murakkablashadi. Xususan, Armaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda bunday normalar yo‘q. 

Balde va uning hamkasblari Gruziya va MDH davlatlari rasmiylarini bunday bo‘shliqlarni bartaraf etishga hamda elektron chiqindilarning to‘planishi va ularni qayta ishlashni kuzatishni osonlashtiradigan shart-sharoitlarni yaratishga chaqirmoqda. Olimlarga ko‘ra, buning sharofati bilan bir vaqtning o‘zida bunday chiqindilardan barcha qimmatbaho materiallarni ajratib olish, tabiatni elektronika ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan simob, kadmiy va boshqa zaharli moddalar to‘planishidan himoya qilish mumkin bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

MDH BMT chiqindi

Baholaganlar

127

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing