MDH Bosh vazirlari Moskvada yig‘ildi
Jamiyat
−
17:02
1988Bugun, 12 dekabr kuni Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi. Bu haqda hukumat portalida xabar berildi.
Majlisda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov, Tojikiston Bosh vaziri Qoxir Rasulzoda, Armaniston Bosh vazirining o‘rinbosari Mger Grigoryan, Turkmanistonning MDH tuzilmalaridagi doimiy vakili Nazarquli Shakuliyev, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyevning MDHdagi hamkorlar bilan savdo aloqalarini yanada erkinlashtirish va hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi. Shu ma’noda, Hamdo‘stlik hududidagi erkin savdo zonasining istisno va cheklovlarsiz to‘g‘ri hamda samarali faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni faollashtirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Ayrim xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan qo‘llaniladigan tarif hamda notarif choralarni bekor qilish taklif qilindi.
"Xalqaro transport yo‘nalishlarini rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlash, “Shimol-Janub” va “Sharq-G‘arb” transport-logistika loyihalarini izchil amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish muhim ahamiyatga egaligi bildirildi", deyiladi xabarda.
2024 yilda MDHning Madaniy poytaxti Samarqand va yoshlar poytaxti Toshkent shaharlari tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirilishida yaqindan qo‘llab-quvvatlagani hamda faol ishtirok etgani uchun hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, kelgusi yilda fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 80 yilligini munosib nishonlash yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Majlis so‘ngida 18 ta hujjat qabul qilindi, jumladan:
- transport kompleksini raqamlashtirish sohasida hamkorlik memorandumi;
- gumanitar hamkorlik sohasida 2025-2026 yillar uchun ustuvor tadbirlar rejasi;
- yer osti suvlarini o‘rganish, undan foydalanish, muhofaza va monitoring qilish sohalarida 2030 yilga qadar hamkorlikni rivojlantirish dasturi hamda uni amalga oshirish rejasi;
- 2025 yilga tashkilotning yagona byudjeti va moliyalashtirish masalalari bo‘yicha alohida qaror va boshqalar.
Rossiyaga tashrif doirasida MDH davlatlari hukumat rahbarlari Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining rekonstruksiya qilingan kampusini ko‘zdan kechirdi va universitetdagi so‘nggi ishlanmalar bilan tanishdi.
LiveBarchasi