MDH davlatlari rahbarlariga o‘zbek milliy taomlari namoyish etildi

Jamiyat

−

image

Kecha, 8 oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari rahbarlari tashrif buyurgan milliy taomlar festivalida O‘zbekistonning milliy taomlari, boy madaniyati va san’ati namoyish etildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston pavilonida mamlakatning turli hududlariga xos taomlar va shirinliklar taqdim qilingan. Shuningdek, mehmonlar o‘zbek nonini yopish va somsa pishirish jarayonlari bilan tanishgan.

Bundan tashqari, Rishton, Buxoro, Marg‘ilon va Samarqand hunarmandlarining ijod namunalari ham namoyish etilgan. Sherzod Asadovning qayd etishicha, milliy kuy-qo‘shiqlar O‘zbekiston ekspozitsiyasiga o‘zgacha fayz bag‘ishlagan.

Ma’lumot uchun, festivalda to‘qqiz mamlakat – O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistonning pazandachilik an’analari namoyish etilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Turkmanistonning “Avaza“ milliy sayyohlik zonasida tashkil etilgan milliy taomlar festivaliga tashrif buyurgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing