Xorijda restoran ochgan o‘zbekistonliklarga xarajatining yarmi qaytariladi

Jamiyat

−

image

Xorijda o‘zbek milliy taomlari restoranini ochgan yoki ochmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini davlatdan subsidiya sifatida olishi mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining Telegram-kanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan bepul ko‘rsatiladi. Undan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar foydalanishi mumkin.

Subsidiya olish uchun xorijda ro‘yxatdan o‘tgan restoran va bino huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlikni tasdiqlovchi ma’lumotlar taqdim etilishi kerak. Shuningdek, amalga oshirilgan xarajatlar va O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi hujjatlar hamda restoranning ichki va tashqi fotosuratlari talab etiladi. Zarur hollarda hujjatlarning rasmiy tarjimasi ham taqdim qilinadi.

Arizalar 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Arizada kamchiliklar aniqlansa, ularni tuzatib, qayta topshirish mumkin.

Tadbirkorlar subsidiya olish uchun arizani my.gov.uz portali (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) orqali yuborishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ayrim tibbiyot xodimlariga uy sotib olishga subsidiya berilishi haqida xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing