O‘zbekiston Maltaga ilk elchisini yubordi
Olam
−
02 mart
2590O‘zbekistonning Maltadagi birinchi elchisi etib tayinlangan Abat Fayzullayev (qarorgohi Rim shahrida joylashgan) ushbu mamlakat Prezidenti Miriam Spiteri Debonoga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tantanali tadbirdan so‘ng bo‘lib o‘tgan qisqacha muloqot chog‘ida Malta yetakchisi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat natijasida ikki tomonlama munosabatlar faollashganini ta’kidladi. Mamlakatlar geografik jihatdan bir-biridan olisda joylashgan bo‘lsa-da, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Ma’lumot uchun, Abat Fayzullayev 2020-2023 yillarda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi bo‘lib ishlagan, shuningdek, Vengriyadagi diplomatik missiyani o‘rindoshlik asosida boshqargan. U bir vaqtning o‘zida, O‘zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan.
42 yoshli diplomat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. U Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida turli lavozimlarda ishlagan, Tashqi ishlar vaziri yordamchisi – kotibiyat mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Abat Fayzullayev 2023 yilning oktyabr oyidan buyon O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi va Rimdagi xalqaro tashkilotlar (FAO, QXRXJ, BOOD) huzuridagi doimiy vakili hamda 2024 yilning dekabr oyidan boshlab O‘zbekistonning Kiprdagi elchisi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Islandiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi tayinlangandi.