55 metr uzunlikdagi shokoladli poyezd Ginnesga kiritildi (video)
Bu qiziq
−
26 fevral 2555 1 daqiqa
Maltalik mashhur shokoladchi Endryu Farrujiya uzunligi 55,27 metr bo‘lgan shokoladli poyezd haykalini yasab, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Bu haqda joriy yilning 20 fevral kuni tashkilot rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, mazkur noyob asar Olimpiya suv havzasidan ham uzunroq bo‘lib, Belgiya shokoladidan tayyorlangan. Shokoladli poyezd bir lokomotiv va 22 ta vagondan iborat, uning har bir qismi 160 kilogrammgacha tosh bosadi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu rekord ustida tayyorgarlik ishlari bir yil davom etgan, yasash jarayoniga esa to‘rt oy vaqt ketgan. Haykalni yasashda Malta va Italiya oshpazlik maktabi talabalari ham ishtirok etgan. Jami 5000 ga yaqin mayda detallar qo‘lda ishlangan. Eng murakkab jarayon bu – ulkan eksponatni Milanga shikastlamasdan yetkazib berish bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Endryu Farrujiya bungacha ham bir nechta rekordlarni o‘rnatgan. U 2012 yilda Bryusselda 34 metrlik shokolad poyezd, 2014 yilda esa Dubayda Burj Xalifa binosining 13,5 metrlik shokoladli nusxasini yasagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9 yoshli Teodor Zayder Gdansk Speedcubing League musobaqasida kubik-rubikni 2,766 soniyada yig‘ib, yangi rekord egasiga aylangandi.
Live
Barchasi