O‘zbekiston mahsulotlari birinchi marta Alibaba'da sotildi
Biznes
−
22 yanvar 2022
21809Dunyoning jadal rivojlanib borayotgan Alibaba ommaviy elektron platformasida birinchi marta O‘zbekiston mahsulotlarining onlayn savdosi o‘tkazildi. Unda 9 turdagi “Made in Uzbekistan” belgisi tushirilgan mahsulotlar sotuvga qo‘yilgan. Bu haqda O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasidan QALAMPIR.UZ’ga xabar qilindi.
O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibiyati boshchiligida tashkil etilgan onlayn savdolar Alibaba'ga tegishli Taobao, Hema va Fliggy elektron do‘konlarida amalga oshirilgan.
Ta’kidlanishicha, bir vaqtning o‘zida 260 mingdan ortiq xaridor ishtirok etgan onlayn savdolarda 9 turdagi O‘zbekiston mahsulotlari – quritilgan mevalar (mayiz, quritilgan o‘rik, yong‘oq), qandolat mahsulotlari (turli shirinliklar va shokoladlar) va madanli suvlar sotuvga qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, savdolar davomida xitoylik xaridorlar jahon standartlarida ishlab chiqarilgan o‘zbek mahsulotlarini sotib olish, shuningdek, o‘zbekona savdo odobi, o‘zbek xalqi madaniyati va urf-odatlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lganlar. Ularga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar afzalliklari haqida ma’lumot berilgan.
“Aytish kerak, pandemiya sharoitida xalqaro savdoda yuzaga kelayotgan turli to‘siq va cheklovlar onlayn savdoning ahamiyatini oshirmoqda. Mazkur yo‘nalishda yetakchilardan hisoblangan Xitoyda esa bugungi kunga kelib potensial xaridorlar mavjud bo‘lib, 400 milliondan ortiq aholining aksariyati elektron do‘konlar orqali xaridni amalga oshirmoqda.
O‘z navbatida, joriy yil O‘zbekiston va Xitoy diplomatik aloqalari o‘rnatilganligining 30 yilligi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir yurtimiz ishlab chiqaruvchilari uchun yangi bozor – Xitoy elektron bozoriga kirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi