O‘zbekiston koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga tayyorligi aytildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 15 avgustidan O‘zbekistonda karantin talablarining asosiy qismi olib tashlandi. Qator ijtimoiy soha obektlarining faoliyatiga ruxsat berildi. Lekin, cheklovlarning olib tashlanishi ortidan oxirgi 10 kunlikda mamlakatda kasallikka chalinish holatlari ham sezilarli darajada ortdi. Mutaxassislarning fikricha, kuz-qish mavsumida bemorlar soni yanada ortadi. 

Xo‘sh, O‘zbekiston kuz mavsumida koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqiniga tayyormi? Bu haqdagi savol bilan koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Barno Abdusamatovaga murojaat qilindi. 

“Ha, tayyor. Epidemiya davrida vaziyat har tomonlama o‘rganib chiqildi. Shu davrga qadar erishilgan yutuq va kamchiliklar ko‘rib chiqilib, tahlil qilindi”, deydi Abdusamatova. 

Qayd etilishicha, hozirda shifoxonalar salohiyatli kadrlar va zarur moddiy texnika baza bilan ta’minlangan. 

“Barcha shifoxonalar va mutaxassislarning  ushbu yo‘nalishda tajribalari bor. Ular kasallikni avj olishiga yo‘l qo‘ymaydilar.

Shu bilan birga bemorlarga o‘z vaqtida malakali va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatishga imkon va barcha kerakli dori vositalarining zaxiralari yaratilgan”, deydi Abdusamatova.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun 114 ta muassasada 19346 ta o‘rin tashkil etilgan. Yana 10 minga yaqin qo‘shimcha zaxira shifo o‘rinlarini  tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev O‘zbekiston koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida gapirgan edi

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda kasallanish soni ortgani sababli birinchilardan bo‘lib, Andijon viloyati 3 oylik dori-darmon zaxirasini g‘amlab qo‘ydi. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni aniqlangan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 49 385 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 45 474 nafari yoki 92 foizi sog‘aygan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 411 kishi ushbu virusdan vafot etgan. Hozirda ushbu virusdan davolanayotganlar 3 500 kishini tashkil etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

karantin koronavirus

Baholaganlar

432

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing