O‘zbekiston Koreya bilan tibbiyot oliygohi va onkologiya markazi tashkil etadi
Jamiyat
−
16 Sentabr 2020
3719O‘zbekistonda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy onkologiya tibbiyot markazi bunyod etiladi. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Koreya tibbiyot assotsiatsiyasi ilmiy-tekshirish qo‘mitasi raisi, ushbu assotsiatsiyaning koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha shtabi yetakchi maslahatchisi, Koryo universiteti professori Soy Chje Uk uchrashuvi vaqtida aytib o‘tildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tgan muloqot davomida Koreya bilan hamkorlikda yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy onkologiya tibbiyot markazi bunyod etilishi ham ma’lum qilindi.
Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan tibbiyot oliy o‘quv yurti va onkologiya markazi Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazi yonda barpo etiladi va yirik tibbiyot kompleksiga aylanadi. Shu orqali tibbiyot sohasida o‘qish va amaliyot o‘tashni tashkil etish mumkin bo‘ladi.
Muloqot davomida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni samarali davolash va ularning xastalikdan tezroq forig‘ bo‘lishlari uchun yuqori tibbiy texnologiyalardan unumli foydalanishni yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Koreya tajribasi dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda. Aytish mumkinki, mazkur mamlakatda aprel va iyul oylari davomida koronavirusning tarqalishi deyarli jilovlanib, o‘rtacha kasallik 2-70 nafargacha qayd etilganini ko‘rish mumkin. 50 million nufusga ega bo‘lgan Koreyada pandemiya boshlangandan beri kasallik aniqlanganlar soni 22 504 nafarga yetib, ulardan 19 310 nafari tuzalib, sog‘ayish ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil qilmoqda.
Soy Chje Ukning aytishicha, Koreyada bir haftadan so‘ng umumta’lim maktablari ochilishi rejalashtirilmoqda. Dastlab maktab o‘quvchilarining uchdan bir qismi uch kun davomida an’naviy, qolgan ikki qismi onlayn tarzda o‘qitiladi. Uch kundan so‘ng birinchi guruhga topshiriqlar berilib, uyda onlayn ta’limga o‘tkaziladi va keyingi uch kunlikda esa navbatdagi guruh chaqiriladi va jarayon shu tarzda davom etadi. Agar bu tajriba yaxshi samara bersa, barcha o‘quvchilar uchun an’naviy ta’lim yo‘lga ko‘yilishi mumkin. Oliy ta’lim muassasalari esa, asosan, onlayn rejimda faoliyat yurita boshlaydi. Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatiga hozircha ruxsat berilmagan.
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev Prezident tomonidan taqdirlangan koreyalik mutaxassisga mukofotni topshirilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi