O‘zbekiston xasta – Alisher Qodirov
Intervyu
−
03 avgust 2021
40253“O‘zbekistonning bugungi kundagi holati na iqtisodiy, na siyosiy jihatdan maqtangulik emas. Bugun O‘zbekistonni boshqarish uchun juda ham jiddiy taffakurga ega bo‘lgan inson bo‘lishi shart”. Bu haqda “Milliy tiklanish” partiyasi raisi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Ma’lumki, joriy yilning 24 oktyabr kuni O‘zbekistonda yirik siyosiy voqelik – Prezident saylovi bo‘lib o‘tishi, unda besh partiya – O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish” DP, “Adolat” SDP, Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya nomzod ko‘rsatishi kutilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda O‘zbekistonga qanday rahbar kerakligi haqida gapirdi.
“Haqiqatan, bugun murakkab burilishlarning borligi ayon va bunday murakkabliklar bizni kelajakda ham kutyapti. O‘zbekiston bugun shunday bir holatdaki, oyog‘i bog‘liq, lekin yugurishi kerak. Joyida turib qolishi ham mumkin emas. Bugun biz azaldan shakllanib qolgan geopolitik tugunlarning o‘rtasida turibmiz. Bularning barchasi xalqqa va qadriyatlarimizga zarar yetkazmaydigan mohirona ham iqtisodiy, ham siyosiy yechimlar istaydi. Lekin bu haqiqatan judayam og‘ir jarayon.
Yashirmayman, saylov haqida birinchi gapirila boshlanganda o‘zimizning siyosiy partiya a’zolari tomonidan “Kelinglar, nomzod ko‘rsatmaymiz, amaldagi Prezidentni qo‘llab qo‘yaveramiz”, degan takliflar ham bo‘lgandi. Lekin partiyamizning ichida vatanparvar, O‘zbekistondagi muammolarning yechimlarini ko‘ra olayotgan ko‘plab a’zolarimiz bor va biz “Yo‘q, biz saylovda ishtirok etamiz va o‘z yechimlarimizni taklif qilamiz”, degan qarorga keldik. Negaki, bugungi kundagi amalga oshirilayotgan ishlarning qanchalik ichidamiz yoki o‘sha muammolarni qanchalik ichidan ko‘ra olishimizni yashirib o‘tirishning hojati yo‘q”, deydi Qodirov.
O‘zbekiston nafaqat ichki, balki tashqi muammolar o‘rtasida turibdi. Ayniqsa, mintaqadagi beqaror vaziyat Markaziy Osiyo markazidagi O‘zbekistonga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Aytaylik, Afg‘onistonda “Tolibon” va Hukumat o‘rtasida davom etib kelayotgan murosasizlik O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalari qatorida, xavfsizligiga ham tahdid bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, bugun partiyalar Prezidentlikka ilgari suradigan nomzodlar bunday muammolar qarshisida bosh qashlab qolmaydimi? Ularning bunday og‘ir muammolar yechimi bo‘yicha aniq takliflari bormi? Ular vaziyatning ahamiyatini farqlaydimi? Qodirov ushbu savolga quyidagicha javob berdi:
“Xabardorlik darajasi bo‘yicha hokimiyatning ma’lum bir axborot manbalariga bo‘lgan imkoniyatiga hamma ham ega emas. Masalan, hokimiyat Afg‘oniston bo‘yicha bizning axborot olish manbamizdan ko‘ra bir necha marotaba kuchliroq bo‘lgan manbalarga ega. Yoki Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosbatlarni. Ular bu holatni bizdan ko‘ra yaxshiroq biladi. Partiyalarning tahlil qilish, mushohada qilish, o‘rganish masalalarida imkoniyati bo‘lishi uchun ulardan kuch bo‘lishi kerak. Partiyalarda bugun kuch bormi? Xalqaro darajadagi muammolarni tahlil qila oladigan institutlar bormi? Albatta, yo‘q. Partiyalarning bugungi kundagi moliyaviy holati siz o‘ylagan darajada emas. Xalqaro masalalarni hal qilib, o‘zining aniq yechimlarini taklif qilishiga hali vaqt bor. Lekin, bugungi kundagi bizning harakatlarimiz shu yo‘nalishda ketmoqda. Men aytmoqchi bo‘lgan narsa shundan iboratki, O‘zbekistonni haqiqatan ham bugunida va ertasida juda murakkab tahdidlar kutyapti. Partiyaning bu bo‘yicha yechimga o‘z takliflari bor va biz ko‘rsatadigan nomzod bu yechimlarni xalqqa taqdim etadi”.
Partiya raisi so‘zida davom etarkan, “Milliy tiklanish” ilgari surayotgan yechimlar ko‘pchilikka yoqmasligi mumkinligini ham urg‘uladi.
“Biz taklif qilayotgan yechimlarimiz hammaga ham yoqavermasligi mumkin, chunki ular achchiq yechimlar. Dardni yengishimiz uchun biz, albatta, achchiq dorilar ichishimiz kerak. O‘zbekiston bugungi kunda xasta. Buni tan olishimiz kerak. Ayrim masalalar bo‘yicha biz kordinal o‘zgarishlar qilishga majburmiz. Buni bosqichma-bosqich, sekin-asta qilishga vaqt qolmayapti. Biz deyarli har kuni avlod yo‘qotyapmiz”.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bilan to‘liq intervyuni quyida yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi