O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar bilan $575 mlnlik bitimlar imzoladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublika delegatsiyasining Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Bahorgi yig‘ilishlarida ishtiroki davomida Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati 575 mln dollarlik bitimlar imzolandi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Jahon banki ishtirokidagi “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida 200 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi qishloqlarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltiriladi.

Mazkur loyiha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, “O‘zbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida 50 mln AQSH dollari statistika sohasida institutsional islohotlar va salohiyatni oshirish, statistika ma’lumotlarni shakllantirish va tarqatish jarayonlarini takomillashtirish, sohada uskuna va jihozlarni yangilashga yo‘naltiriladi. 

Bundan tashqari, “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish” loyihasi doirasida 60 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar soliq idoralarining operatsion samaradorligi va natijadorligini oshirishga yo‘naltiriladi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Vazirlikka ko‘ra, OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi bilan “O‘zbekistonning o‘tish davridagi rivojlanish siyosatini jadallashtirish” loyihasi doirasida Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasiga 100 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish bitimi imzolandi.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha tariqasida Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Yashil iqtisodiyotga o‘tish” loyihasi doirasida Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasiga 150 mln yevro miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish bitimi imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon banki Xalqaro valyuta jamg'armasi

Baholaganlar

34

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing