O‘zbekiston karate assotsiatsiyasi tashkil qilinadi
Sport
−
04 noyabr 2023
4696O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi tashkil qilinadi. Bu haqda kecha, 3 noyabr kuni “Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2023–2026 yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan:
- aholining barcha qatlamlari karate bilan shug‘ullanishi uchun hududlarda “Karate hamma uchun” dasturi amalga oshiriladi;
- bog‘chalarda “Kids karate” loyihasi ishga tushiriladi.
Qaror bilan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi O‘zbekiston karate ((WKF) assotsiatsiyasi etib qayta tashkil qilinib, joylarda uning hududiy bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida parakarateni rivojlantirish uchun O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tuzilmasida parakarate bo‘limi tashkil etiladi.
2023–2026 yillarda O‘zbekistonda karate ((WKF) bilan doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 55 ming nafarga yetkazish (jumladan, joriy yilda 40 ming nafar) nazarda tutilgan.
2024 yildan boshlab har yili:
- respublikaning barcha hududlarida 7 oktyabr kuni – Butunjahon karate kuniga bag‘ishlangan Karate festivali;
- karate va parakarate bo‘yicha nufuzli “Uzbekistan Open” xalqaro turniri;
- belgilangan yosh toifalari bo‘yicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar;
- karate bo‘yicha davlat sport-ta’lim muassasalari o‘rtasida “O‘zbekiston chempionati” musobaqasi o‘tkaziladi.
Qarorga ko‘ra, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimida O‘zbekiston karateni rivojlantirish markazi tashkil etiladi.
Mazkur markaz barcha yosh toifalari bo‘yicha terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun asosiy sport bazasi hisoblanadi.
2024 yil 1 martgacha joylarda karate bilan shug‘ullanayotgan, shuningdek, musobaqalarda qatnashuvchi barcha sportchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq raqamlashtiriladi.
2024/2025 o‘quv yilidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida karate bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga va magistratura mutaxassisligiga amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari joriy o‘quv yiliga nisbatan 2 baravarga oshiriladi.
LiveBarchasi