O‘zbekiston Qo‘shtepa kanali qurilishiga o‘z ishchi guruhini taklif qilyapti
Jamiyat
−
20 iyun 2023
21979Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasiga O‘zbekiston o‘z ishchi guruhini taklif qilyapti. Bu haqda bugun, 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev vazirlikda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Vazir Hamroyev joriy yilning mart oyida Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Afg‘onistonga borganini aytdi. Uning bildirishicha, “Tolibon” bilan muzokaralar davomida ikki tomonning ishchi guruhini shakllantirish va loyiha ustida birgalikda ishlashga kelishilgan.
Hamroyevga ko‘ra, hozirda ishchi guruh shakllantirilmoqda va yaqin kunlarda O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur masalada yana Afg‘onistonga boradi. Uning tarkibida Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev bo‘ladi.
Bundan tashqari, vazir Qo‘shtepa kanali qurilishi borasida turli xil ma’lumotlar tarqalayotgani va uning o‘zi bu borada ommaviy chiqish qilmayotganining sababini izohladi. Uning ta’kidlashicha, mazkur holatda ikki mamlakat orasidagi aloqalarni buzishni xohlaydigan tashqi kuchlar omili mavjud, shuning uchun ham bu mavzuda ehtiyotkor bo‘lish kerak.
LiveBarchasi