O‘zbekiston Qozog‘iston bilan sun’iy yo‘ldosh uchirish masalasini muhokama qildi
Jamiyat
−
03 Sentabr
5798Ostona shahrida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi joriy yilning 2-3 sentyabr kunlari Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) tomonidan Ostona shahrida tashkil etilgan “Raqamli inklyuziya va transformatsiya bo‘yicha Osiyo – Tinch okeani vazirlar konferensiyasi”da ishtirok etish uchun xizmat safarini amalga oshirgan.
Ushbu tadbir doirasida vazir Sherzod Shermatov Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev bilan uchrashuv o‘tkazgan va raqamli ko‘nikmalarni o‘qitishni ta’minlash, raqamli inklyuzivlik va raqamli transformatsiya bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik holati va uni mustahkamlash bo‘yicha masalalar muhokama qilingan.
Shuningdek, raqamli innovatsiyalarni jadallashtirish uchun zarur mintaqaviy hamkorlik rejalari ko‘rib chiqilgan va ikki mamlakat ishtirokida kosmosga o‘zaro sun’iy yo‘ldoshlar guruhini uchirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish masalasini o‘rganish va tahliliy ma’lumotlarni joriy yil yakuniga qadar tahlil qilib, takliflarni belgilab olish muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda CubeSat ilmiy-ta’lim sun’iy yo‘ldoshi ishlab chiqarilishi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi