O‘zbekiston Qirg‘izistonga oyiga 20 ming tonnagacha yonilg‘i yetkazib berishi mumkin

Olam

image

Qirg‘iziston hukumati O‘zbekiston bilan har oy 20 ming tonna yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Odilbek Qosimaliyev “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda iste’mol qilinadigan yonilg‘ining 90 foizdan ortig‘i import qilinadi. Geosiyosiy vaziyat va Yaqin Sharqdagi voqealar yonilg‘i narxiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan mamlakat Rossiya, Belarus, Xitoy, Ozarbayjon, O‘zbekiston, shuningdek, Yevropa davlatlari va Turkiya bilan yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Qosimaliyevning aytishicha, u O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan muzokaralar o‘tkazgan va yonilg‘i ta’minoti masalasi muhokama qilingan.

“Ularda har oy 20 ming tonnadan yonilg‘i yetkazib berish imkoniyati bor”, degan Qosimaliyev.

Hukumat rahbarining aytishicha, Belarus yonilg‘i yetkazib berishda faol qo‘llab-quvvatlamoqda va hozirda mamlakat ulardan yonilg‘i olmoqda. Shuningdek, Xitoydan yonilg‘i ortilgan dastlabki 5 ta avtomobil Qirg‘izistonga yetib kelgan.

“Biroq yonilg‘ini Xitoydan avtomobil emas, temir yo‘l orqali yetkazish kerak. Ayni paytda bu masala yuzasidan muzokaralar davom etmoqda. Bundan tashqari, Ozarbayjon bilan ham muzokaralar olib borilyapti”, degan Qosimaliyev.

Shu bilan birga, Yevropa davlatlari va Turkiyadan ham yonilg‘i yetkazib berilayotgani, biroq tranzit bilan bog‘liq qiyinchiliklar mavjudligi qayd etilgan. Shuningdek, Qosimaliyev Qirg‘izistonda yonilg‘i narxlari O‘zbekiston va Tojikistonga nisbatan arzon ekanini qayd etgan.

“Yonilg‘ining o‘zi qimmatlashmoqda, uni yetkazib berish xarajatlari ham sezilarli darajada oshdi. Dizel yonilg‘isi, avtomobillar uchun gaz va AI-92 markali benzinni subsidiyalash bo‘yicha tegishli nizom ishlab chiqilgan. Shuning uchun biz narxlarni ushlab turibmiz va ularning keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymayapmiz. Lekin narxlar baribir asta-sekin oshib boradi. Agar taqqoslasak, O‘zbekiston va Tojikistonga nisbatan bizda dizel yonilg‘isi va AI-92 benzini narxi 20-25 somga arzon. Bu farqni hozir respublika byudjeti hisobidan subsidiya qilyapmiz”, degan Qirg‘iziston Bosh vaziri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston yonilg‘ining barqaror yetkazib berilishini ta’minlash va yonilg‘i-moylash mahsulotlari (YOMM) taqchilligi yuzaga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston va bir qator boshqa davlatlarga rasmiy murojaatlar yo‘llagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing