O‘zbekiston Qirg‘iziston va uchinchi davlat fuqarolariga eshiklarini yopdi

Jamiyat

image

6 oktyabr kuni soat 00:00 dan boshlab O‘zbekiston tomoni Qirg‘iziston va uchinchi davlat fuqarolariga O‘zbekistonga kirish uchun cheklovlarni joriy qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmati Matbuot xizmati xabar berdi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston hududida bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolari mamlakatni tark etishlari mumkin va Qirg‘iziston hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari O‘zbekistonga kirishlari mumkin. 

Qayd etilishicha, cheklovlar yuk tashish uchun amal qilmaydi. 

Davlat chegara xizmati 6 oktyabr kuni soat 15:00 holatiga ko‘ra, davlat chegarasida vaziyat barqarorligi ma’lum qildi. 

Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmatining bo‘linmalari joriy yil 24 sentyabr kuni soat 20:00 dan boshlab davlat chegarasini himoya qilishning kuchaytirilgan rejimiga o‘tkazilgan. 

Davlat chegaralarini qo‘riqlash xizmati COVID-19 bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan davlatlarning fuqarolari PZR testining salbiy natijasi to‘g‘risida guvohnomaga ega bo‘lsa, davlat chegarasini cheklovsiz kesib o‘tishini eslatmoqda. 

Karantin choralari va dunyodagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari boshqa mamlakatlarga ketishdan oldin ushbu mamlakatlarda joriy qilingan cheklovlar bilan tanishishlari kerak.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi avtoyo‘l o‘tkazish punktlariga nisbatan kirib-chiqish bo‘yicha cheklovlar sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda bekor qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.

Saylovning yakuniy natijasi 20 kun ichida e’lon qilinishi kerak edi. Ammo saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi

Namoyishlarda hozirgacha bir kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odam reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Kuchishlatar tuzilmalarning 200 ga yaqin xodimi jarohatlandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qirg'iziston Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

705

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing