O‘zbekiston ilk bor Venetsiya biyennalesida ishtirok etadi
Olam
−
29 aprel 2021
4498O‘zbekiston Respublikasi joriy yilning 22 mayidan 21 noyabrigacha bo‘lib o‘tadigan Venetsiya arxitektura biyennalesida ilk bor “Mahalla: shahar va qishloq hayoti” mavzusidagi milliy paviloni bilan ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Venetsiya biyennalesida Markaziy Osiyo mintaqasidan ishtirok etayotgan birinchi mamlakat bo‘ladi.
Bu O‘zbekistonning Venetsiya biyennalesidagi debyut loyihasidir. Pavilon komissari – Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi. Loyihaning asosiy vazifasi global madaniy olamda milliy ishtirokni mustahkamlashdan iborat.
Qayd etilishicha, ko‘rgazmaning kuratorlari Shveysariyaning Syurix shahridagi Oliy texnika maktabining arxitektura va dizayn professorlari va Christ & Gantenbein arxitektura byurosi sherik-asoschilari Emanuel Krist va Kristof Gantenbeynlardir. Loyihaning rassomi va ovoz rejissyori — Karlos Kasas; fotograf va rassomi — Bas Prinsen. “Mahalla: shahar va qishloq hayoti” loyihasi mahallalarning O‘zbekiston uchun madaniy va me’moriy ahamiyatini o‘rganadi va 17-Venetsiya Xalqaro arxitektura biyennalesining bosh savoli – “Biz qanday qilib birga yashaymiz?”ga javob beradi.
“Mahalla: shahar va qishloq hayoti loyihasi” – bu xalqaro jamoaning hamkorligi natijasi bo‘lib, unda tashkilotchilar global tajriba va mahalliy iste’dodga tayangan. Shunday qilib, Toshkent shahridagi Zamonaviy san’at markazining fanlararo eksperimental laboratoriyasi ostida faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonning yosh rassomlari va me’morlari O‘zbekiston Milliy pavilonini yaratish doirasida mahalliy tadqiqotlarda faol qatnashib, loyihaga ulkan hissa qo‘shgan.
Xabarga ko‘ra, ochilish marosimida O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy pavilonining tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori va ko‘rgazma loyihasi komissari Gayane Umerova ishtirok etadi. Ular mahallalar aholisi bilan suhbatlar o‘tkazib, Venetsiya arxitektura biyennalesidagi O‘zbekiston paviloniga tashrif buyuruvchilar uchun bepul taqdim etiladigan fanzin (fan magazine – fan-jurnal) yaratishdi.
“Biz “La Biennale Di Venezia” xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekiston Respublikasi Milliy pavilonining birinchi loyihasini taqdim etishdan mamnunmiz. Mamlakatimizning boy me’moriy merosi hamda zamonaviy madaniy, ilmiy va professional yutuqlari xalqaro muloqotning to‘laqonli ishtirokchilari bo‘lishimiz, samarali madaniy almashinuvni boshlashimiz va dolzarb mintaqaviy va global muammolarni muhokama qilish uchun xorijiy mutaxassislarni taklif qilishimizga imkon beradi”, deydi Aziz Abduhakimov.
O‘zbekistonda qadriyatlar, asosan, shahar sharoitida o‘rnatilgan chinakam qishloq muhiti sifatida yuzaga keladi va ushbu mahalliy madaniyat muassasasi alohida ahamiyat kasb etadi.
“Bizning oldimizda o‘z merosimizni saqlash va shu bilan birga uni shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyo talablariga moslashtirish vazifasi turibdi. Venetsiya biyennalesidagi Milliy pavilon bu kabi akademik va badiiy izlanishlar, dunyoning eng yaxshi mutaxassislari bilan muloqot qilish va keng jamoatchilikka birgalikdagi natijalarni namoyish etish uchun ideal maydondir”, deydi Saida Mirziyoyeva.