Shvetsiyada dunyodagi ilk “yog‘och shahar” quriladi

Bu qiziq

image

Shvetsiya poytaxti Stokgolmda dunyoda ilk bor yog‘ochdan to‘liq shahar qurish loyihalashtirildi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Stokgolmning janubi-sharqidan o‘rin olishi kutilayotgan 7 ming ofis xonasi va 2 mingta uydan iborat mazkur shaharchada, shuningdek, restoranlar va do‘konlar ham bo‘ladi. 250 ming kvadrat metr maydonni egallaydigan shaharcha bu yo‘nalishda dunyodagi eng yirik qurilish loyihasi bo‘lishi aytilmoqda.

Loyihachining so‘zlariga ko‘ra, bu “besh daqiqalik shahar” bo‘lib, ya’ni hududdagi ish joylari, uylar, dam olish maskanlarining biridan boshqasiga 5 daqiqada piyoda yetib olish mumkin. Shaharchadagi yakka tartibli uylar, oddiy turar-joy hamda ofis binolarining konstruksiyasi faqat yog‘ochdan, jamoat binolarida esa yog‘och va po‘lat ashyosidan foydalaniladi.

Garchi ba’zi ekspertlar yog‘och binolardan kelib chiqadigan yong‘in xavfi haqida tashvishlangan bo‘lsada, loyihachilar yog‘ochlar nisbatan sekin va oldindan aytib bo‘ladigan tezlikda yonishini, bu esa uni ko‘plab an’anaviy po‘lat konstruksiyalarga qaraganda xavfsizroq ekanligini aytmoqda. Shuningdek, yog‘och havo tarkibidagi karbonat angidridni me’yorlashtirishga xizmat qilishi, an’anaviy materiallarga qaraganda tarkibida ancha kam uglerod saqlashi ham sanab o‘tilgan.

2022 yilda “Nature” jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, agar yaqin bir asr ichida shahar aholisining 90 foizi o‘rta qavatli yog‘och binolar bilan ta’minlansa, karbonat angidrid chiqindilarini 106 gigatonga kamaytiradi (hozirda sayyora har yili taxminan 40 gigaton ishlab chiqaradi).

Albatta, bunday kattalikdagi transformatsiya o‘rmonlarning kesilishiga olib kelmaslik uchun barqaror yog‘och plantatsiyalarini talab qiladi. Ammo Shvetsiya yog‘och mahsulotlarini innovatsiya qilishga tayyor mamlakat bo‘lib, uning deyarli 70 foizi o‘rmon bilan qoplangan.

White Arkitekter va Henning Larsen arxitektura firmalari tomonidan ishlab chiqilgan “Wood city”dagi birinchi binolar 2027 yilda qurib bitkazilishi kutilmoqda.

Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda Norvegiya, Shveysariya va Avstraliya kabi mamlakatlarda yog‘ochdan osmono‘par binolar qurildi. 

Eslatib o‘tamiz, Singapurda ham ana shunday inshoot qad rostlagan bo‘lib, u 468 ming kvadrat metr maydonga ega kollej binosidir. Ushbu imorat Osiyodagi eng katta yog‘och bino sanaladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shvetsiya Stokgol'm arxitektura yog'och shahar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing