O‘zbekiston Eronga qarshi 13 yillik g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘yadimi?
Sport
−
25 mart
7482Eron va O‘zbekiston terma jamoalari Jahon chempionati saralash bosqichlarida o‘zaro 7 marta to‘qnash kelgan. Shundan 3 ta o‘yinda forslar g‘alaba qozongan, O‘zbekiston esa 1 marta zafar quchgan. Qolgan 3 ta o‘yin durang natija bilan tugagan. O‘zbekistonning yagona g‘alabasi 2012 yilda qayd etilgan. O‘shanda Ulug‘bek Baqoyevning 71-daqiqada urgan goli O‘zbekistonga Eronga qarshi o‘yinlardagi ilk g‘alabasiga sabab bo‘lgan.
Oradan 13 yil vaqt o‘tdi hamki O‘zbekiston Eronni mag‘lub etolganicha yo‘q. 2023 yilda 2-saralash bosqichi doirasida “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Eron o‘rtasidagi o‘yinda 2:2 hisobi qayd etilgan. O‘shanda Eron birinchi taymda Rizoyan va Taremining gollari evaziga 2:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Oston O‘runov hisobni qisqartirgan bo‘lsa, 83-daqiqada Igor Sergeyev gol urib hisobni jangovar 2:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ygan edi.
Saralashning ikkinchi bosqichi doirasidagi javob o‘yini 2024 yilning 11 iyunida bo‘lib o‘tgan. Tehrondagi “Ozodiy” stadionida o‘tgan bahs 0:0 hisobida yakunlangan.
Qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston va Eron 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati 3-saralash bosqichida yana ro‘baro keladigan bo‘ldi. Ushbu bosqidagi dastlabki o‘yin 2024 yilning 10 oktyabr kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan va o‘shanda 0:0 hisobi qayd etilgan. O‘sha o‘yinning 57-daqiqasida eronliklar futbolchisi Solih Xardani qizil kartochka olib maydonni tark etgandi. Ammo O‘zbekiston bir kishi ko‘p bo‘lib ham o‘yin yakuniga qadar raqib darvozasini ishg‘ol qila olmagan.
Ushbu bosqichning javob o‘yini bugun, 25 mart kuni Tehrondagi “Ozodiy” stadionida bo‘lib o‘tadi. Ushbu bahsda Eronni durang natija ham Jahon chempionatiga olib chiqadi. Agar O‘zbekiston g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun yana bir katta qadam tashlagan bo‘ladi.
QALAMPIR.UZ talqini bo‘yicha Eron-O‘zbekiston o‘yini uchun taxminiy tarkiblar:
Eron: Beyranvand, Xardani, Kananizdegan, Xolizoda, Muhammadi, Alipur, G‘oddos, Jahonbaxsh, Gayedi, Taremi, Azmun.
O‘zbekiston: Yusupov, Sayfiyev, Husanov, Ashurmatov, Eshmurodov, Alijonov, Hamrobekov, Shukurov, Fayzullayev, Erkinov, Shomurodov.
Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi.
LiveBarchasi