O‘zbekiston Eronga insonparvarlik yordami yubordi

Jamiyat

image

Bugun, 16 mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan Prezidentimizning alohida ko‘rsatmasiga muvofiq koronavirusning oldini olish chora-tadbirlariga ko‘maklashish maqsadida Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Insonparvarlik yordam yuborish to‘g‘risida joriy yilning 12 martida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi imzolangan edi.

“Eron Islom Respublikasi hukumati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yangi koronavirus COVID-19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan tibbiy buyumlar va vositalar bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaat qilgan edi, deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev.

Eronga steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy og‘irligi qariyb yetti tonnaga yaqin bo‘lgan tibbiy buyumlar insonparvarlik yordami sifatida yuborildi. Bunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yukini shakllantirish va yetkazib berish uchun mas’ul etib belgilangan edi. Yukni kuzatib borish va topshirish uchun Eronga vazirlikning ikki nafar harbiy vrach mutaxassisi jo‘nab ketdi.

Eronda qolib ketgan 14 nafar yuk tashuvchi haydovchi, shuningdek, tadbirkor, talaba va boshqa o‘zbekistonliklar olib kelinadi.

Ta’kidlanishicha, ular va samolyot ekipaji a’zolari qaytib kelgach, belgilangan tartibda malakali shifokorlar, soha mutaxassislari nazorati ostida ikki hafta karantinda saqlanadi.

Avvalroq, O‘zbekiston hukumati ikki marta Xitoy Xalq Respublikasiga insonparvarlik yordamini yuborgandi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan. Ayni vaqtga kelib O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar 6 nafarga yetdi.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 169 605 kishi koronavirusga chalingan, ularning 6518 nafari vafot etgan, 77 772 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus insonparvarlik yordami

Baholaganlar

97

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing