O‘zbekiston elchisi Turkmaniston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Olam
−
11:08
770O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchisi etib tayinlangan Ravshanbek Alimov Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuvda davlatlararo muloqotning barcha miqyosda barqaror va samarali rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, energetika, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik muttasil jadallashayotgani ta’kidlangan.
Elchi Ravshanbek Alimov kelgusida an’anaviy do‘stona o‘zbek-turkman munosabatlarini rivojlantirish yo‘lida bor kuch-g‘ayrati va bilimini safarbar etishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 58 yoshli diplomat N.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetini, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini, Jorjtaun universitetini (AQSH) tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1990 yilda viloyat darajasida Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi) boshlagan. Keyin Prezident devonida, bosh vazir kotibiyatida, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2002-2008 yillarda esa O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi va o‘rindoshlik asosida Moldovadagi elchisi, shuningdek, Fransiyada va o‘rindoshlik asosida Portugaliyada elchi bo‘lib ishlagan.
Ravshanbek Alimov 2008 yildan buyon TIV tizimida. O‘tgan yillar davomida Moskvadagi elchixonada maslahatchi, markaziy apparatda bo‘lim boshlig‘i va boshqarma boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan Ravshanbek Alimov 2016-2024 yillarda O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchisi bo‘lib ishlagan Akmal Qo‘chqorov o‘rniga tayinlangandi.
LiveBarchasi