“Kattakonlar” e’zozda: Turkmanistonda yirik harbiy parad o‘tkazildi (foto, video)
Olam
−
15:21 3086 2 daqiqa
Kecha, 27 sentyabr kuni Turkmanistonda mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Turkmaniston Prezidenti, Mamlakat Qurolli kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni armiya generali Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Bu haqda TDH xabar berdi.
Qayd etilishicha, paradni Turkmaniston davlat bayrog‘i va Qurolli kuchlarning barcha qo‘shin turlari jangovar bayroqlari bilan bayroqdorlar guruhining o‘tishi ochib bergan. So‘ng davlat tribunasi oldidan Mudofaa vazirligining Berdimuhamed Annayev nomidagi Ixtisoslashtirilgan harbiy maktabi kursantlari o‘tgan.



Tantanali marshda harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, jumladan, ayol harbiy xizmatchilar ishtirok etgan. Tribuna oldidan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik vazirligi, Davlat chegara xizmati, Davlat bojxona xizmati va Davlat migratsiya xizmatining ofitserlar batalonlari o‘tgan.



Harbiy tayyorgarlikni sohaviy o‘quv yurtlari kursantlari ham namoyish etgan. Paradda Mudofaa vazirligining Harbiy instituti va Harbiy-deңiz instituti vakillari, Fuqaro muhofazasi va qutqaruv ishlari kursantlari bataloni, shuningdek, IIV instituti, Milliy xavfsizlik instituti va Chegara instituti kursantlari ishtirok etgan.






Harbiy kolonnalar tarkibida motoo‘qchi bo‘linmalar, Harbiy-havo kuchlarining turkman uchuvchilari bataloni, tank va artilleriya qismlari namoyish etilgan. Parad safida ilk bor aloqa qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘tgan. Shuningdek, dengiz piyodalari bo‘linmalari va tog‘-o‘qchi batalonlari ham ishtirok etgan.

Harbiy kolonnalar o‘tishini Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik vazirligi va Davlat chegara xizmatining “Türkmen edermen” maxsus topshiriqli bo‘linmalari yakunlab bergan.
Live
Barchasi