O‘zbekiston elchisi “Tolibon”ga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi
Jamiyat
−
20 noyabr
2980O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yangi elchisi Oybek Usmonov “Tolibon” muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiyga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi va ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi. Bu haqda “Sputnik” xabar berdi.
1961 yildagi Vena konvensiyasining 14-moddasiga ko‘ra, elchilar davlat rahbarlariga ishonch yorliqlarini topshirish orqali rasman vakolatlanadi. Ayni vaqtda “Tolibon” praktikasida bu jarayon davlat rahbari emas, balki hukumat rahbari ishtirokida o‘tishi va marosim keyinchalik tashkil etilishi mumkin.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ushbu tadbir haqida hech qanday rasmiy izoh berilmagan.
Ma’lumot uchun, Oybek Usmonov 1962 yil 24 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1985 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) sharqshunos-filologiya fakultetini tamomlagan. Ingliz, doriy va pushtun tillarida gaplasha oladi. 1998 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, markaziy apparatda va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlab kelmoqda. U 2001-2006 yillarda respublikaning Isroildagi favqulodda va muxtor elchisi va Falastin muxtoriyatidagi vakili, 2006-2011 yillarda va 2020-2024 yillarda Pokistondagi elchisi bo‘lgan. 2011-2020 Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Oybek Usmonov 2012-2024 yillarda Qobulda elchi bo‘lib ishlagan Yodgorxo‘ja Shodmonov o‘rniga tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, 28 oktyabr kuni O‘zbekistonning yangi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev Islomobod shahridagi “Ayvan-ye-Sadr” saroyida Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriyga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi