O‘zbekiston elchisi Finlyandiya Prezindentiga ishonch yorlig‘ini topshirdi
Jamiyat
−
04 aprel
1432Bugun, 4 aprel kuni O‘zbekistonning Finlyandiyaga yangi tayinlangan elchisi Temur Rahmonov tomonidan topshirilgan ishonch yorliqlarini mamlakat Prezidenti Aleksandr Stubb qabul qilib oldi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, rasmiy tadbirdan keyin o‘tkazilgan muloqot paytida O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uning kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi.
Prezident Aleksandr Stubb O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni fin xalqi to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va bu yo‘nalishda ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, Finlyandiya rahbari rasmiy Xelsinki va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy muloqot hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanib borayotganini yuqori baholab, O‘zbekistonning mintaqadagi muhim o‘rnini qayd etib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Temur Rahmonov rus, ingliz, polyak va ispan tillarini mukammal biladi. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. TIV tizimidagi faoliyatini 1999 yilda boshlagan. O‘tgan yillar davomida u vazirlik markaziy apparatida, shuningdek, O‘zbekistonning Polsha, Italiya va Ispaniyadagi elchixonalarida turli lavozimlarda ishlagan. 2017–2018 yillarda esa Tashqi ishlar vazirligining Urganch shahri hududiy boshqarmasi boshlig‘i, Xorazm viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekistonning Slovakiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Vena shahrida joylashgan) Baxtiyor Ibragimov ushbu mamlakat Prezidenti Peter Pellegriniga ishonch yorlig‘ini topshirgandi.
Sara Komiljonova